Ijtimoiy tarmoqlarda Surxondaryo viloyati Termiz shahrida "Zakovat"chi va Kun.Uz sayti jurnalisti A. Salaydinov " samosud" qilinganligi to`g`risida xabarlar tarqalgan xabarlar tarqaldi.
U o`zining Facebook`dagi sahifasida yozishicha, 18 mart kuni soat 17:30 larda Termiz shahridagi dorixonaga kirib, xarid yakunida sotuvchi qizdan chek talab qilgan. Sotuvchi qiz esa plastik kartaga olingan mahsulotlar uchun nazorat-kassa mashinasining cheki berilmasligi, bunday xarid uchun faqat terminal cheki berilishini bildirgan.
Shundan so`ng, u soliq xizmatining ishonch raqamini qidirib turgan vaqtida dorixonada sotuvchisi (yigit) uni dorixonaga olib kirgan va boshqa mijozlar oldida yuziga musht tushirgan.
"Hali soliqqa aytmoqchi edingmi, deb kurakda turmaydigan so`zlar bilan so`kib, dorixonadagilarga „Shu kozyol bizni jarimaga tushirib yurgan ekan. Mana ushladik“ deya tantanali e`lon qildi. XXI asrda mijozga nisbatan qilinayotgan bunday munosabatdan shokda edim», — dedi Abbos Salaydinov.
Shundan so`ng, ularga qarshilik qilishiga qaramay jurnalistni dorixona egasi va xodimlari dorilar saqlanadigan omborga olib kirishgan. Dorixona eshiklari esa ichkaridan yopib qo`yilgan. Tinimsiz haqorat qilib, do`pposlashgan.
Holat yuzasidan ma`lumot bergan Surxondaryo viloyati prokuraturasiga ko`ra, mazkur holat bo`yicha A.Salaydinovning murojaati yuzasidan shahar IIB XPB TP profilaktika inspektori tomonidan tergovga qadar surishtiruv harakatlari o`tkazilgan.
Sud tibbiyot ekspertizasining 24.03.2022 yildagi xulosasiga ko`ra, A. Salaydinovning olgan tan-jarohati og`irlik darajasiga ko`ra, 6 kun muddatdan o`tmaydigan tez o`tib ketuvchi “Engil” tan-jarohati ekanligi qayd etilgan.
Ta`kidlanishicha, to`plangan hujjatlar, taraflardan olingan tushuntirish xatlari va ekspertiza xulosasiga ko`ra, jinoyat alomatlari aniqlanmaganligi bois, jinoyat ishi qo`zg`atishni rad etilib, S. R va Sh. N. larga nisbatan O`zbekiston Respubikasi MJtKning 41-moddasi (haqorat) va 52-moddasi 2-qismi (qasddan engil tan jarohati etkazish) bilan, A.S. ga nisbatan MJtKning 41-moddasi bilan ma`muriy javobgarlik to`g`risida ish qo`zg`atilib, ma`muriy material 31.03.2022 yilda mazmuna ko`rib chiqishlik uchun JIB Termiz shahar sudiga yuborilgan.






