AsosiyJamiyat

Ombudsman taqdimnomasi asosida sakkiz nafar mas`ul shaxs egallab turgan vazifasidan ozod qilindi

'Ombudsman taqdimnomasi asosida sakkiz nafar mas`ul shaxs egallab turgan vazifasidan ozod qilindi'ning rasmi

Ombudsmanga huquqini tiklashni so`rab murojaat qilgan fuqarolar foydasiga sud qarorlariga ko`ra 210,8 million so`m zarar undirildi.

Davlat va jamoat ehtiyojlari uchun er uchastkalarining olib qo`yilishi munosabati bilan 14 fuqaroga uy-joy ajratildi. Tadbirkorlarga 145 million so`mlik ortiqcha to`langan soliq to`lovlarini qaytarib berishda ko`mak berildi. 

Sudlarga ish  haqini undirishga qaratilgan ko`plab da`vo arizalari kiritildi. 62 nafar fuqaroga 787,8 million so`m ish  haqi to`lanishi ta`minlandi.  

10 nafar fuqaro ishga tiklandi, 5 nafar fuqaroga ish joyida mehnat qobiliyatini yo`qotganligi uchun sog`ligiga etkazilgan 9,2 million so`mlik zarar undirildi. Fuqarolarga 148 million  so`mlik kreditlarni rasmiylashtirishda ko`maklashildi. 

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo`yicha vakili (Ombudsman) tomonidan o`tgan yilda amalga oshirilgan ishlar bo`yicha o`tkazilgan brifingda shu kabi ma`lumotlar berildi.  

Ombudsman matbuot kotibi Fotima Madrahimova O`zbekiston Respublikasi fuqarolari, xorijiy davlatlar fuqarolari va ombudsmanlari, fuqaroligi bo`lmagan shaxslar, jamoat tashkilotlari va boshqa yuridik shaxslardan o`tgan yilda jami 18 ming 738 murojaat kelib tushganini qayd etdi.  

Ombudsman tomonidan parlament nazorati sub`ekti sifatida vakolat doirasida 11 ming 257 murojaat o`z ish yurituviga olingan.  

Eng ko`p murojaat Toshkent shahri, Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlari hisobiga to`g`ri kelgan.   

Murojaatlarda eng ko`p ko`tarilgan masalalar – fuqarolarning shaxsiy mulkka bo`lgan huquqlari va mehnat huquqlarini ta`minlash bo`ldi. Ijtimoiy imtiyoz va nafaqalar, moddiy yordam olish, insonparvarlik aktini tatbiq etish, sud-tergov jarayonlari, fuqarolarning davlat organlari va muassasalariga murojaat qilish huquqlarini ta`minlash kabilar ham murojaatlarning salmoqli qismini tashkil etgan.   

Davlat organlari va tashkilotlari va sudlarga fuqarolarning buzilgan huquqlarini tiklash yuzasidan 14 taqdimnoma, 36 xulosa, 44 da`vo arizasi kiritilgan.  

Taqdimnomalar vazirlik va idoralarning kengaytirilgan majlislarida muhokama qilinib, jismoniy va yuridik shaxslar murojaatlari bilan ishlash hamda ijro intizomi talablarini buzgan va o`z faoliyatida mas`uliyatsizlikka yo`l qo`ygan 82 nafar xodimga nisbatan “hayfsan”, 9 nafar xodimga nisbatan “jarima” intizomiy jazo chorasi qo`llanilgan. 8 nafar xodim egallab turgan vazifasidan ozod qilingan.   

Ombudsmanning ta`sir choralarini qo`llash va ularning samaradorligiga erishish darajasi 2,4 barobarga oshgan. Jismoniy shaxslarning mulk huquqlari kafolatlari masalasida Ombudsman ilk marotaba O`zbekiston Respublikasi Konstitusiyaviy sudiga ko`rib chiqish uchun bitta masala kiritdi. 

Shuningdek, Ombudsman xodimlari sudlarda kuzatuvchi sifatida 108 marotaba ishtirok etgan. Inson huquqlari bo`yicha vakilga yuborilgan shaxsiy huquqlar va erkinliklarga oid murojaatlarni ko`rib chiqish natijasida 21  jinoiy va ma`muriy va 9 intizomiy ish qo`zg`atildi.   

Murojaat qiluvchilar ustidan jinoyat ishi qo`zg`atishni rad etish to`g`risidagi 29 qaror bekor qilindi. Mas`ul mansabdor shaxslarning harakatlariga huquqiy baho berish uchun 25 ta tekshiruv o`tkazildi.   

Ombudsman murojaatidan so`ng sud qarorlariga nisbatan prokuratura organlari orqali 6 ta protest kiritilgan.  

    Boshqa yangiliklar