2022 yil 5 apreldan boshlab Ichki ishlar vazirligi Yo`l harakati xavfsizligi xizmati huzurida yuridik shaxs tashkil etmagan holda “Xavfsiz yo`l va xavfsiz piyoda” respublika jamg`armasi
tashkil etiladi.
Quyidagilar Jamg`arma mablag`larini shakllantirish manbalari etib belgilanadi:
- yo`l harakatini tashkil etish sohasida undiriladigan ayrim jarima, olinadigan yig`im va to`lovlar;
- ekspluatasiya-montaj bo`linmalari uchun har yili byudjet parametrlarida dasturlar asosida ko`zda tutiladigan mablag`lar;
- Jamg`armaning vaqtincha bo`sh turgan mablag`larini tijorat banklariga depozit hisobraqamlariga joylashtirishdan olinadigan daromadlar;
- davlat, xorijiy va xalqaro tashkilotlar tomonidan ajratiladigan grantlar;
- jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik va xayriya tarzidagi mablag`lari;
- xalqaro moliyaviy institutlar va banklar tomonidan ajratiladigan kreditlar;
- qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.
- Jamg`arma mablag`lari faqat quyidagilar uchun maqsadli sarflanadi:
- yo`l harakatini tashkil etishning texnik vositalari, ularning ehtiyot qismlari, o`rnatish uchun belgilangan konstruksiya va qurilish materiallari hamda maxsus bo`yoqlarini xarid qilish;
- shaharlar va boshqa aholi punktlari ko`chalarida yo`l chiziqlarini chizish, yo`l harakatini tashkil etishning texnik vositalarini o`rnatish, almashtirish, saqlash, demontaj qilish va ularga texnik xizmat ko`rsatishni moliyalashtirish;
- ekspluatasiya-montaj bo`linmalarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, shu jumladan zamonaviy maxsus texnika vositalari bilan ta`minlash, ularning xodimlari uchun har oylik va bir martalik rag`batlantirish tizimini joriy etish;
- yo`l harakati xavfsizligi sohasidagi ilg`or xorijiy tajribalarni o`rganish, yo`l infratuzilmasini rivojlantirish yo`nalishidagi loyihalarni moliyalashtirish;
- maktabgacha ta`lim hamda xalq ta`limi vazirliklariga qarashli maktabgacha ta`lim tashkilotlari va umumiy o`rta ta`lim muassasalarining tarbiyalanuvchi va o`quvchilarida yo`l harakati qoidalari bo`yicha boshlang`ich bilimlarni shakllantirishga qaratilgan moddiy-texnik va o`quv bazasini yaratish, shuningdek, mahallalarda bolalarga yo`l harakati qoidalarini amaliy o`rgatish maydonchalariga yo`l belgilarini o`rnatish va yo`l chiziqlarini chizish chora-tadbirlarini moliyalashtirish.






