Avtomobil yo`llarida harakatni tashkil etish, boshqarish va xavfsizlikni ta`minlash sohasidagi faoliyat samaradorligini oshirish maqsadida Bosh vazir raisligida Yo`l harakati xavfsizligini ta`minlash bo`yicha respublika maxsus komissiyasi va uning hududiy maxsus komissiyalari tuzilmoqda.
Maxsus komissiyalar zimmasiga quyidagi asosiy vazifalar yuklanadi:
yo`l harakati xavfsizligi sohasida fuqarolarning hayoti va sog`lig`ini ishonchli himoya qilish, yo`l infratuzilmasining xavfsizlik talablariga to`liq javob berishini ta`minlash;
hududlarda yo`l harakatini samarali tashkil etish holatini muntazam ravishda baholab borish, ushbu sohada davlat organlari va mahalliy hokimliklarning samarali faoliyat ko`rsatishini nazorat qilish;
yo`l-transport hodisalari sabablarini chuqur o`rganish, yo`llarning xavfli avariya uchastkalari ro`yxatini tasdiqlash orqali kelgusida ularning oldini olish yuzasidan ilmiy asoslantirilgan takliflar tayyorlash tizimini yaratish;
yo`l harakati xavfsizligini ta`minlash sohasiga zamonaviy axborot texnologiyalarini joriy etish, inson omili va korrupsiya holatlarini istisno etuvchi avtomatlashtirilgan nazorat tizimlarini ommalashtirishga doir tadbirlarni belgilash;
hududlarda yo`l infratuzilmasini yaxshilash, yo`l-transport hodisalarining sonini qisqartirish bo`yicha dasturlar loyihalari ishlab chiqilishini tashkillashtirish va kelishish.
Respublika maxsus komissiyasiga:
har chorakda davlat organlari va mahalliy hokimliklar tomonidan yo`l harakati xavfsizligini ta`minlash sohasida amalga oshirilayotgan ishlarni, mavjud kamchiliklarni tanqidiy muhokama qilib borsin
va tegishli choralar ko`rilishini ta`minlash;
har yili mahalliy hokimliklarning o`z hududlarida avtomobil yo`llari infratuzilmasini takomillashtirish va yo`l-transport hodisalarini keskin kamaytirish bo`yicha aniq mexanizmlarni nazarda tutuvchi manzilli chora-tadbirlarini o`z ichiga olgan “yo`l xarita”larini tasdiqlab, ularning ijrosi ustidan qat`iy nazorat olib borish topshirilmoqda.
Yo`l harakati xavfsizligi bo`linmalari maxsus komissiyalarning ishchi organi hisoblanadi.
Hududiy maxsus komissiyalar har oyda yo`llarning holati va mavjud infratuzilma, avariya o`choqlari, qoidabuzarliklarning tahlilidan kelib chiqib, harakat xavfsizligi, transport va yo`l sohalariga mas`ul idoralar rahbarlari faoliyatini tanqidiy o`rganadi, Qoraqalpog`iston Respublikasi Jo`qorg`i Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlariga muhokama qilish uchun kiritadi va natijalari bo`yicha respublika maxsus komissiyasiga hisobot taqdim etadi.






