2022 yilga mo`ljallangan ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturining ijrosi Bosh prokuratura tomonidan ta`minlanmoqda.
Prezidentning 2021 yil 10 dekabrdagi 43 - sonli qaroriga asosan tashkil etilgan Bosh prokuror o`rinbosari rahbarligidagi Respublika shtabi hamda viloyat va tuman - shahar prokurorlari rahbar-ligida hududiy shtablar faoliyati to`liq yo`lga qo`yildi. Mazkur shtablarning ustuvor vazifalari va ularni amalga oshirish mexanizmlari Prezident Administrasiyasi rahbari va Bosh vazir ishtirokida o`tkazilgan kengaytirilgan yig`ilishda aniq belgilab berildi.
Shtablar tomonidan:
– dasturlar ijrosi uchun mas`ullar, shu jumladan buyurtmachi, loyihachi, ekspert va pudratchilarga asosiy talablar tushuntirildi, qonun buzilishiga yo`l qo`ymaslik yuzasidan 2 ming nafarga yaqin mansabdor rasman ogohlantirildi;
– shtablarga jalb etilgan huquqni muhofaza qilish organlari, vazirlik va idoralarning 5 mingdan ortiq xodimlari Bosh prokuratura Akademiyasining maxsus o`quv kurslarida o`qitildi;
– nazoratni to`g`ri va samarali tashkil qilish uchun muhim ahamiyatga ega bo`lgan uslubiy qo`llanma, shtab a`zolarining vazifalarini amalga oshirish mexanizmlari ko`rsatilgan nazorat rejasi tayyorlanib, mas`ullarga etkazildi. Qo`llanmada dasturlarga oid qonunchilik hujjatlari, nazorat jarayonidagi asosiy talablarga oid qoidalar va boshqa ma`lumotlar jamlangan;
– prokuratura organlarida joriy etilgan “Byudjet nazorati” elektron dasturini Qurilish va Moliya vazirliklarining tegishli tizimlari bilan integrasiya qilish orqali barcha ob`ektlar bo`yicha “tuman – viloyat – respublika” darajasida onlayn monitoring yo`lga qo`yildi.
Bunda ob`ektning loyihasini ishlab chiqishdan boshlab, u foydalanishga topshirilgunga qadar bo`lgan barcha jarayonlar shtablar kuzatuvida bo`ladi;
– internetda ochilgan maxsus kanal va shtablarda ishga tushirilgan “ochiq telefon” orqali keng jamoatchilik uchun dasturlar ijrosining borishini muhokama qilish imkoni yaratildi. Binobarin, har bir fuqaro dastur doirasidagi ob`ektlar bilan tanishishi va ulardagi kamchiliklar,
nuqsonlar haqida fotomateriallarni ilova qilgan holda shtablarga xabar berishi mumkin;
– pudratchi tashkilotlarning reytingini yuritish va tender savdolari o`tkazishni tartibga soluvchi qonunchilik hujjatlari ijrosini o`rganish natijasida 5 mingdan ortiq pudratchining salohiyati noxolis baholanayotgani, oqibatda ularning reyting ko`rsatkichlari noto`g`ri shakllangani aniqlandi. Shtablarning bu kabi tizimli kamchiliklar omillarini bartaraf etishga qaratilgan takliflar asosida Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 8 fevraldagi qarori bilan 20 dan ortiq baholash mezonlari bekor qilindi, reyting ko`rsatkichlarini 16 ta tashkilotning integrasiyalashgan ma`lumotlar bazalari orqali adolatli shakllantirish tartibi joriy etildi;
– chuqur o`rganishlar asosida 20 mingdan ziyod tajribali va salohiyatli pudratchi saralab olindi;
– joriy yildan boshlab pudratchini tanlash jarayonida xarid komissiyasining ishtiroki ilk marotaba to`liq bekor qilindi. Boshqa davlatlar amaliyotida kuzatilmagan bunday tartib inson omilini mutlaqo istisno etadi. Endilikda davlat ob`ektlarini quradigan pudratchilar “Shaffof qurilish” milliy axborot tizimidagi platforma orqali elektron tarzda aniqlanadi.
– joriy yilgi dastur doirasida byudjetdan ajratiladigan 23,7 trln. so`m mablag`ning maqsadli sarflanishi va ishlarning sifatli bajarilishi yuzasidan nazorat o`rnatildi, manzilli ro`yxati aniq bo`lgan 1.728 ta loyihaning har biri monitoringga olindi;
– dasturdagi oldingi yillardan o`tgan 453 ta ob`ekt joyiga chiqqan holda birma - bir o`rganilib, ulardagi ishlarni yakunlash yuzasidan tarmoq jadvallari tasdiqlandi, ularning har biriga kuzatuv kameralari o`rnatildi va prokuratura xodimlari biriktirildi;
– joriy yilda yangidan boshlanuvchi 1.111 ta ob`ektning loyiha - smeta hujjatlari ham ishlab chiqildi, ularning 999 tasi davlat va 669 tasi kompleks ekspertizadan o`tkazildi,
813 tasi tender savdolariga qo`yildi;
– dastur ijrosi bo`yicha mutasaddilar faoliyatini samarali muvofiqlashtirib borish maqsadida Respublika shtabi rahbari boshchiligidagi guruh har bir hududda haqiqiy holatni o`rganmoqda.
Shuningdek, hozirga qadar Toshkent, Sirdaryo, Buxoro, Navoiy, Samarqand, Andijon, Farg`ona va Namangan viloyatlarida o`tkazilgan o`rganishlarda aniqlangan muammolarni hal etish, jumladan, ob`ektlarda sifatli mahalliy qurilish materiallarini ishlatish, loyihalarni optimallashtirish hamda yangi texnologiyalardan foydalanish choralari ko`rildi.
Joylardagi vaziyat viloyat hokimlari va bevosita ijrochilar ishtirokida muhokama qilinib, vazifasini lozim darajada bajarmagan 60 nafardan ortiq mas`ullar intizomiy javobgarlikka tortildi.
O`z navbatida, Respublika shtabi tashabbusi bilan hududlarda haftaning bir kuni “Qurilish kuni” sifatida belgilanib, viloyat hokimlari ob`ektlar kesimida ishlarning borishini muhokama etmoqda, kamchiliklarni bartaraf etish bo`yicha shtablar hamkorligida tezkor choralar ko`rilmoqda.
Byudjet mablag`laridan oqilona, tejamli va samarali foydalanishni ta`minlash bo`yicha chora-tadbirlar ko`rilmoqda. Davlatimiz rahbarining ko`rsatmalari asosida dasturdagi loyihalarning qiymati asossiz oshirilmasligi va byudjet mablag`larini iqtisod qilishga jiddiy e`tibor berildi.
Har bitta loyiha hujjatlarini ishlab chiqish, ekspertizadan o`tkazish va tenderga qo`yish jarayonlari qat`iy nazorat asosida olib borildi. Hatto tenderga chiqarilgan loyihalarning qiymati ham qayta ko`rib chiqildi.
Natijada 911 ta ob`ektning loyiha - smeta hujjatlaridan 819 mlrd. so`m yoki loyiha qiymatiga nisbatan 11 foiz mablag` tejalishiga erishildi.
Mazkur mablag`ning 362 mlrd. so`mi asossiz oshirilgan narxlarni maqbullashtirish, 145 mlrd. so`mi ortiqcha ish hajmlarini kamaytirish, 92 mlrd. so`mi ishlarni qurilish normalariga moslashtirish, 15 mlrd. so`mi mahalliy mahsulotlardan foydalanish va 205 mlrd. so`mi boshqa sullar orqali tejab qolindi.
Erkin Yuldashev,
Bosh prokuror o`rinbosari, adliya katta maslahatchisi






