AsosiyJamiyat

O`zbekistonning qancha aholisi xorijda ishlamoqda?  

'O`zbekistonning qancha aholisi xorijda ishlamoqda?   'ning rasmi

Kecha, 5 aprel kuni AOKAda o`tkazilgan matbuot anjumanida Tashqi mehnat migrasiyasi agentligi boshqarma boshlig`i Azim Axmatov ushbu savolga javob berdi. Bu haqda "Darakchi" muxbiri Moxinur Rustamova xabar bermoqda.

Ma`lum bo`lishicha, bugungi kunda O`zbekistonda 15 millionga yaqin fuqaro mehnatga layoqatli hisoblanadi.

"Ularning orasida xorijda mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan fuqarolar soni 1 mart holatiga ko`ra, 2 million 356 nafarni tashkil etadi. Xususan, ularning 1 million 450 nafari Rossiyada, 366 ming nafari Qozog`istonda, 47 ming nafari Koreyada, 144 ming nafari Turkiyada va 329 ming nafari boshqa davlatlarda mehnat qilyapti", - deydi Azim Axmatov.

Shuningdek, agentlik vakili o`zbekistonlik migrantlarga qaysi davlatlarda talab kuchli ekanini aytdi.

"Bizning ishchilarimizga birinchi o`rinda Rossiyada ko`p talab mavjud. Undan keyin Qozog`iston, Turkiya davlatlari turadi. Bundan tashqari, O`zbekistonning ishchi kuchiga qarab, Evropa davlatlaridan Germaniya, Slovakiya, Serbiya, Horvatiya, Polshadan talabnomalar kelgan. Masalan, birinchi marta Slovakiyaga 1000 dan ortiq fuqarolarga talabnomalar kiritildi. Yangi bozorlar paydo bo`lishi bilan yangi talablar shakllanib boryapti", — deydi u.

Ta`kidlanishicha, Kanada, Latviya, Polsha, Finlyandiya va Fransiya davlatlarining ish beruvchilari bilan O`zbekiston fuqarolarini ishga jalb qilish bo`yicha hamkorlik shartnomalarini imzolash ishlari davom ettirilmoqda.

    Boshqa yangiliklar