AsosiyJamiyat

"O`lmas polk" zamiridagi o`lmas navolar

'"O`lmas polk" zamiridagi o`lmas navolar'ning rasmi

Men shaxsan Tolstoy, Pushkin, Dostoevskiy, Griboedov, Gogol singari daholar, buyuk olimlar va san`atkorlarni dunyoga keltirgan buyuk xalqni hurmat qilaman. Ammo zinhor-bazinhor Er yuzining 15 foizga yaqin eriga to`ymasdan, boshqalarni vataniga ko`z tikayotgan, Ukrainadagi qondoshlarini-da ayovsiz qirg`in qilayotgan, qadam bosgan joyni o`ziga tegishli deb biladigan bosqinchi qavmni emas.

Bugun Georgiy lentasini ko`ksiga taqib, “O`lmas polk”ni sharaflayotgan kimsalarni ham o`zbek deyishni o`zimga ep ko`rmayman. Keling, ana shu ikki “nimarsa” xususida biroz to`xtalib o`taylik.

“Georgiy lentasi” nima o`zi? IV asrda yashagan nasroniy avliyolaridan biri nomi bilan ataladigan bu tasma ilk bor 1856 yilda Sevastopol mudofaasida qahramonlik ko`rsatgan askarlarni ruhlantirish uchun o`ylab topilgan, bir qarich lattadan yasalgan mukofot. Bir paytlar ana shu lattani ko`kragiga chandib olgan Chor hukumati bosqinchilari yurtimizni bosib olgani, Turkistonni o`n yillar davomida qonga botirganini tarix kitoblaridan o`qiganman.

Georgiy lentasini taqqan “qahramonlar” bir paytlar Toshkentni qonga botirib, Samarqandni to`pga tutganinin, Jizzaxda asir olingan qo`zg`olonchilardan qo`rg`oshin o`qni qizg`anib, nayza sanchib o`ldirganini, Qo`qonni “o`liklar shahri”ga aylantirib, Marg`ilonda isyonchilar jasadini haftalab dorga osib qo`yganini, Buxoroni bombardimon qilib, Xivada qirg`in qilganini yaxshi bilaman.

“O`lmas polk” harakati esa, Ikkinchi jahon urushidagi sovet qo`shinlarini sharaflash, unda halok bo`lganlarni yod etish maqsadida yuzaga keldi. Dastlab Rossiyada paydo bo`lgan “O`lmas polk” tadbirlari keyinchalik boshqa mamlakatlarga ham yoyildi. Mazkur harakat qoidalariga ko`ra, bayram kunlari Ikkinchi jahon urushida qurbon bo`lgan yaqinlarining portretlari bilan paradga chiqishadi.. G`alabani sharaflovchi bayroqlarp, turli simvolikalar, shiorlardan foydalanishi mumkin. “O`lmas polk” tadbirlarida reklama maqsadlarida foydalanish taqiqlanadi. Aytish joizki, dunyoning qaerida bo`lmasin, “O`lmas polk” tadbirlari asosan “Katta og`a”ning siyosiy bosimi yoki targ`iboti tufayli o`tkazilmoqda va moliyalashtirilmoqda.

Bir qarashda bu erda biror noxushlik yo`q. Bizda ham ikki millionga yaqin bobolarimiz bu qattol urushda qatnashishgan, ularning uchdan bir qismi qaytmagan. Bugun ularning nomi yod etish ham milliy qadriyatlarimiz, ham davlatimiz siyosatiga zid emas.

Ammo, marhumlarni yod etishning bizda o`ziga yarasha udumlari, taomillari bor. Bizda azaldan hech kim o`tganlarning ruhini shod qilish uchun uning rasmini ko`tarib, ko`chaga yugurmaydi. Imkon darajasida, ortiqcha isrofgarchiliksiz ehson berishi, ularning ruhiga Qur`on o`qishi, qabrlarini ziyorat qilishi mumkin.

“O`lmas polk” tadbirlarida esa, Georgiy lentasi, SSSR bayroqlari, sobiq dohiylarning suratlari va boshqa imperialistik ramzlarni ham ko`z-ko`z qilish odatga aylangan. Bir qarashda zararsiz ko`ringan bu odat sobiq tuzumni, qullikni qo`msash, yosh avlodda ham ularga nisbatan xayrixohlikni shakllantirish, shuningdek bugun “Katta og`a”ning harbiy salohiyatini sharaflash singari yashirin maqsadlar ham yo`q emas. Bugun imperialistik kuchlar “O`lmas polk” timsolida o`zlarining o`lmas da`volari, hoyu havaslarini targ`ib qilayotgani ayon.

Mening nazarimda yaqinlashayotgan bayram arafasida bilib-bilmay, bizning va boshqalarning tuproqlarida daryo-daryo qonlarni to`kkan bosqinchilar armiyasining shon-shuhratini ko`kka ko`taradigan turli tadbirlarga yo`l berilmasa yaxshi bo`lardi.

Qandaydir lentalar, shiorlar, bayroq yo portretlarsiz, Ikkinchi Jahon urushida qatnashgan bobolarimiz ruhini duo bilan xotirlash, tiriklarni borib ziyorat qilish, ularning duolarini olish bilan ham bu bayramni munosib tarzda o`tkazishimiz mumkin.

Takror bo`lsa ham aytaman: men shaxsan Tolstoy, Pushkin, Dostoevskiy, Griboedov, Gogol singari daholar, buyuk olimlar va san`atkorlarni dunyoga keltirgan buyuk xalqni hurmat qilaman. Ammo zinhor-bazinhor Er yuzining 15 foizga yaqin eriga to`ymasdan, boshqalarni vataniga ko`z tikayotgan, Ukrainadagi qondoshlarini-da ayovsiz qirg`in qilayotgan, qadam bosgan joyni o`ziga tegishli deb biladigan bosqinchi qavmni emas.

Ehtimol kimdir 9 may kuni Georgiy lentasini ko`ksiga taqib, "O`lmas polk" safida bobosining portretini ko`tarib, paradga chiqishni ko`zlayotgandir, lekin men emas...

Rustam Jabborov

    Boshqa yangiliklar