Qashqadaryoda fuqaro Sh.Abdurahmanov va uning jinoiy sheriklari pul mablag`iga ega bo`lgan “sodda mijoz”larni topib, yuridik manzilga ega bo`lmagan “Nasdaq Unique Finance” nomli xorijiy kompaniyaga 1000 AQSh dollari sarmoya kiritib, mashhur kompaniyalarning aksiyalarini sotib olish orqali oyiga 6 foizdan daromad olishlariga ishontirishib, 231 nafar fuqaroning 13,7 mlrd. so`m mablag`ini o`zlashtirishgan. Bu haqda viloyat prokuraturasi xabar bermoqda.
Sudda ushbu shaxslarning jinoiy qilmishlari ko`rib chiqilib, aybdorlarga qonunda belgilangan jazo choralari qo`llanilgan.
So`nggi yillarda internet jahon axborot tarmog`ining aholi orasida keng miqiyosda kirib borishi munosabati bilan "moliyaviy piramida" ko`rinishidagi huquqbuzarliklar yanada rivojlanmoqda.
Odatda moliyaviy piramidalar ko`pincha tijoriy loyihalar niqobi ostida harakat qilib, “mijozlar”dan olingan pul mablag`larini yuqori daromad keltiruvchi moliyaviy sohalarga yo`naltirish, qisqa muddatda ko`p foyda olish bilan qizitirib, turli saytlar orqali o`zining faoliyatini reklama qiladi.
Prokuratura fuqarolardan shubhali moliyaviy sxemalar asosida faoliyat ko`rsatayotgan qo`shtirnoq ichidagi ayrim soxta kompaniya va firibgarlarning tuzog`iga tushib, aldanib qolishdan ogoh bo`lishlarini so`ramoqda.






