Zangiota tuman hokimining mahallabay ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirish masalalari bo`yicha yordamchisi A.Yu. va tuman kadastr bo`limi sobiq xodimi U.A. bilan birga tadbirkor R.dan 8 sotix er maydonida turar-joy binosini qurishi uchun ruxsatnoma olib berish hamda kadastr hujjatlarini tayyorlab berish evaziga 2021 yil davomida jami 15 500 AQSh dollarini qo`lga kiritgan.
Bosh prokuratura huzuridagi Departament hamda DXXning Zangiota tumani bo`limlari tomonidan o`tkazilgan tezkor tadbirda, tadbirkordan yana 1 000 AQSh dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlanishdi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar berdi.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) va 211-moddasi (pora berish) bilan jinoyat ishi qo`zg`atilib, tergov harakatlari o`tkazilmoqda.






