AsosiyJamiyat

Sovuq va yog`ingarchilikning meva-sabzavotlarga ta`siri qanday bo`ladi?  

'Sovuq va yog`ingarchilikning meva-sabzavotlarga ta`siri qanday bo`ladi?   'ning rasmi

Qishloq xo`jaligi vazirligi "prognozi" e`lon qilindi.

Joriy yil mart oyida O`zbekistonda haroratning keskin pasayishi hamda yog`ingarchilik ko`p kuzatildi. Qishloq xo`jaligi vazirligi mutaxassislari tomonidan noqulay ob-havo sharoitining ta`siriga oid dastlabki o`rganish natijalari ma`lum bo`ldi. Ularga ko`ra sovuq havo va yog`ingarchiliklar ayrim hududlarda mevali bog`larning kurtak novdalariga qisman salbiy ta`sir ko`rsatgan. O`zbekistondagi uzumzorlar, ertaki ekilgan kartoshka va sabzavot ekinlariga esa sovuq ta`sir etmaganligi aniqlangan.

Viloyatlar kesimida olingan ma`lumotlar tahlili esa quyidagicha:

  • Farg`ona vodiysida o`rikning ertapishar navlari Andijon viloyatida 19 foiz, Namanganda 10 foiz va Farg`onada 18 foiz, gilosning ertapishar navlari Namanganda 2,4 foiz, bodomning ertapishar navlari Andijonda 17 foiz, Namanganda 19 foiz va Farg`onada 23 foiz;
  • Janubiy hududlarda, xususan Qashqadaryo viloyatida gilosning ertapishar navlari 9 foiz, shaftolining ertapishar navlari 9 foiz, olxo`rining ertapishar navlari 15 foiz, bodomning ertapishar navlari 18 foiz;
  • Markaziy hududlarda o`rikning ertapishar navlari Buxoro viloyatida 6,7 foiz, Jizzaxda 17 foiz, Navoiyda 19 foiz, Samarqandda 10 foiz, Sirdaryoda 17 foiz va Toshkentda 10 foiz, gilosning ertapishar navlari Navoiyda 6,5 foiz va Toshkentda 2,4 foiz, shaftolining ertapishar navlari Navoiyda 8 foiz va Samarqandda 5 foiz, olxo`rining ertapishar navlari Sirdaryoda 3 foiz hosilli maydonga nisbatan zararlanganligi aniqlandi.
  • Shimoliy hududlar Xorazm viloyati va Qoraqalpog`iston Republikasida ushbu mevali daraxtlar zararlanmagan.

Shuningdek, ilmiy manbalarga ko`ra, daraxtlarning sovuqqa chidamlilik darajasi meva turi va navining biologik xususiyatiga bog`liq. Shu sababli, mevali bog`larning turlari va navlariga qarab, joriy yil aprel-may oyida daraxtlarning hosil tugish (g`o`ralash) fazasida kutilayotgan yalpi hosildorlik bo`yicha aprobasiya o`tkaziladi va hosil etishtirish hajmlari belgilab olinadi. Ta`kidlanishicha, bugungi kunda agrar soha olimlari tomonidan erta gullab pishadigan va sovuqqa chidamli navlarni yaratishda ilmiy ishlar olib borilmoqda.

    Boshqa yangiliklar