O`zbekiston meteorologlarining ma`lum qilishicha, aprel oyida bizni “magnit bo`ronlari” deb ataluvchi vaqtinchalik bezovtaliklar kutmoqda. Jumladan, yilning to`rtinchi oyida 4 ta geomagnit chaqnash davri prognoz qilinmoqda. Bulardan ayrimlarining davomiyligi uzoq va kuchli bo`lishi kutilyapti, ba`zi vaqtda magnit bo`roni kuchayishi 6-7 ballga etishi mumkin. Fanlar akademiyasi Astronomiya instituti katta ilmiy xodimi, fizika-matematika fanlari nomzodi ChoriShERDONOV ushbu jarayon sabablari va insonga ta`siri haqida tushuntirib berdi...
— Magnit bo`ronlari Quyoshda sodir bo`ladigan chaqnashlar va portlashlar natijasida paydo bo`ladi. Aslida, Quyoshda chaqnashlar har doim sodir bo`ladi. Buni Quyoshdagi dog`lar orqali bilamiz. Hozir Quyoshda dog`lar kattalashgan. Shu sababli aprel oyida odatdagidan kuchliroq magnit bo`ronlari bo`lishi mumkin. Magnit bo`ronlarini oldindan aytish juda qiyin, lekin dog`larning holatiga qarab taxmin qilish mumkin. Quyosh tasvirini ko`rganimda Sharq tomonida ham, G`arb tomonida ham katta-katta dog` guruhlari bor edi.
QAYSI SANALARDA SODIR BO`LADI?
Quyoshdagi chaqnashlar Erga o`z ta`sirini o`tkazadi. So`nggi vaqtlardagi Quyoshdagi chaqnashlar yurtimizda 2-4 aprel oralig`ida – 4-5 ballgacha bo`lgan magnit bo`roniga sabab bo`ldi.
Bu bosh og`rig`iga moyil bo`lgan odamlarga ta`sir qiladi, bundan tashqari, yurak-qon tomir patologiyalari bo`lgan bemorlar o`zlarida o`zgarishlarni his qilishlari mumkin.
Magnit bo`ronining keyingi bosqichlari esa 13-17 aprelgacha kutiladi. Bu magnit bo`ronining cho`qqisi 15 aprelda bo`lishi aytilmoqda. Uning bosimi hatto sog`lom odamlar tomonidan ham sezilishi mumkin.
25-29 aprelgacha – magnitosfera faolligi oshishining yana bir bosqichi qayd etiladi. Bu davr ham sezilarli o`zgarishlarni o`z ichiga olishi mumkin. Bu holatda fuqarolar o`zlarini ortiqcha jismoniy zo`riqtirmasligi va bir xildagi ruhiy-psixologik kayfiyatni saqlab qolishlari kerak bo`ladi.
30 aprel – aprel oyining so`nggi kunida yana magnit maydonlari "g`azablanishda" davom etadi. Bu ob-havoga sezgir odamlarda umumiy holat yomonlashishi va asabiylikni keltirib chiqarishi mumkin.
MAGNIT BO`RONLARI KIMLARGA KO`PROQ XAVF SOLADI?
— Odamlar magnit anomaliyalari ob-havoga sezgir bo`lgan odamlar uchun xavfli bo`lishi mumkin, deb ishonishadi. Chunki ba`zi manbalarda bu jarayonning yurak etishmovchiligi, qon bosimi ko`tarilib ketishi va o`ynashi bilan bog`liqligi haqida xabar beriladi. Bo`ron paytida odam o`zini zaif va ruhiy ezilgan holatda his qilishi mumkin. Lekin ayrim manbalar odam organizmi va magnit bo`ronlari o`rtasida o`zaro bog`liqlik yo`qligini da`vo qilmoqda.
Ma`lumotlarga ko`ra, bu kabi magnit bo`ronlarining ta`sirini sayyoramiz aholisining uchdan bir qismida sezuvchanlik kuzatiladi.
Atmosferadagi magnitli o`zgarishlarni quyidagi toifalar boshqalarga qaraganda qiyinroq o`tkazadi:
- bolalar;
- keksa avlod vakillari;
- surunkali kasalliklarga chalinganlar;
- homilador ayollar.
Bu guruhlardagi insonlar uchun ob-havo prognozlariga rioya qilish, oldindan xavfli davrga tayyorgarlik ko`rish va kundalik odatlarini to`g`rilash muhimdir.
Magnit bo`ronlarining ta`sirini qanday kamaytirish mumkin?
Magnit kuchlanish kutilayotgan kunlarda quyidagilar muhim ahamiyatga ega:
- ko`chada ko`proq yurish yoki uyni faol ravishda shamollatib turish (ventilyasiya qilish);
- suyuqlikni saqlaydigan oziq-ovqatlarni (tuzlangan bodring, dudlangan go`sht, qalampir va qizarib pishgan ovqatlar, spirtli ichimliklar) rasiondan chiqarib tashlash;
- taomnomaga metabolik jarayonlarni tezlashtiradigan, qon oqimini rag`batlantiradigan va qon tomirlari devorlarini mustahkamlaydigan mahsulotlarni qo`shish (issiqlik ishlovi berilmagan sabzi, tuxum oqi, apelsin);
- sevimli mashg`ulotlaringiz (o`qish, yoga, meditasiya mashqlari, tikuvchilik, to`qish, o`zaro muloqot) yordamida asabiy qo`zg`aluvchanlikni bosish va uyqu buzilishining oldini olish.
Manzura BEKJONOVA tayyorladi






