Prezidentning 2021 yil 6 martda Respublika faxriylar pansionatiga tashrifidan so`ng hududda madaniy-ma`rifiy tadbirlar uchun alohida bino qurildi, yangi fizioterapiya bo`limi tashkil etildi. Oshxona, yotoqxona va boshqa xonalar ta`mirlanib, yangidan jihozlandi. Bu haqda "Darakchi" muxbiri Sardorbek Rahmonqulov xabar bermoqda.
Shuningdek, pansionat hududi obod qilinib, unga tutash maydonda “Nuroniylar bog`i” jadal barpo qilinmoqda.
Joriy yilda barcha tibbiy-ijtimoiy muassasalarni qurilish-ta`mirlash va jihozlashga 227 milliard so`m ajratiladi.
Lekin monitoringlar natijasi joylardagi qator tibbiy-ijtimoiy muassasalarning sharoitini tubdan yaxshilash zarurligini ko`rsatmoqda.
Jumladan:
- 36 ta “Saxovat” va “Muruvvat” uylaridan 12 tasida qo`shimcha bino, 7 tasida yotoqxona, oshxona, tibbiyot bo`limi, sport zali qurish, 21 tasida binolar va isitish-sovutish tizimini ta`mirlashga ehtiyoj mavjud; - 6 ta “Mehribonlik” va 11 ta kichik yoshdagi bolalar uylaridan (Dom malyutki) 2 tasi ta`mirga muhtoj ahvolda;
- imkoniyati cheklangan bolalarga ixtisoslashgan 86 ta maktab-internatdan 11 tasi kapital ta`mirlashni talab etadi;
- jami 3 ta maktab-internatda qo`shimcha o`quv binosi, 5 tasida – yotoqxona, 4 tasida –oshxona, 15 tasida – faollar va sport zali qurilishiga ehtiyoj bor.
Shuningdek, 3 ta maktab-internatda isitish tizimi, 31 tasida – yotoqxona, 10 tasida – oshxona, sport va faollar zali, mehnat xonalari ta`mirtalab.
Bundan tashqari, 22 ta sanatoriy shaklidagi maktab-internatdagi (skolioz va nafas yo`llari kasalliklariga ixtisoslashgan) shart-sharoitlarni ham o`rganib, tegishli choralar ko`rish zarur.
"Mana shu misollar, aholining mehr va g`amxo`rlikka muhtoj qatlami uchun zarur shart-sharoitlarni yaratib berish borasidagi ishlarimiz hali qoniqarsiz ekanligini ko`rsatib turibdi", - dedi Shavkat Mirziyoev.






