Prezidentimiz Islom sivilizasiyasi markazi bilan tanishgach, Olmazor tumanidagi "Universitet" mahallasida bo`ldi. So`ng 102-sonli eshitishi zaif bolalar uchun maktab-internatda davlatimiz rahbari muassasa tarbiyalanuvchilari va pedagoglari bilan samimiy suhbatlashdi. Bu haqda "Darakchi" muxbiri Sardorbek Rahmonqulov xabar bermoqda.
Ayni paytda bu erda videoselektor yig`ilishi o`tmoqda.
“Ushbu qutlug` oyda Allohning marhamati bilan, butun er yuziga baraka va yaxshiliklar yog`iladi. Sabr-qanoat va xayr-saxovatli ishlar uchun ko`p-ko`p savoblar yoziladi.
Muborak Qur`oni karimda ham “Yaxshilikning mukofoti faqat yaxshilikdir”, deb ta`kidlangan.
Umuman, ko`p ming yillik qadriyatlarimiz va muqaddas dinimiz sharofati bilan nafaqat Ramazon oyida, balki butun yil davomida, har kuni mehr-muruvvat va saxovat ko`rsatish, sabrli va ahil bo`lish xalqimizning qon-qoniga singib ketgan.
Xususan, pandemiya davrida “Saxovat va ko`mak” umumxalq harakati mamlakatimiz bo`ylab keng tarqalib, el-yurtimiz ehtiyojmandlarga beg`araz yordam bergani, qiyinchilik va sinovlarni bahamjihat engib o`tgani buning yorqin misolidir”, dedi Prezident.
Yig`ilishda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan tub islohotlar doirasida xalqparvar davlat yaratish, inson qadrini ulug`lash, mehr va yordamga muhtoj aholini qo`llab-quvvatlashni eng ustuvor yo`nalishlar qatorida belgilangani ta`kidlandi.
Xususan, o`tgan yili Prezidentning 25 martdagi farmoni bilan keksalar va nogironligi bo`lgan shaxslarni ijtimoiy qo`llab-quvvatlash, “Saxovat” va “Muruvvat” internat uylari tizimini yanada rivojlantirish bo`yicha muhim chora-tadbirlar belgilandi.
Jumladan, Tibbiy-ijtimoiy xizmatlarni rivojlantirish agentligi tashkil etilib, “Saxovat” va “Muruvvat” uylari, faxriylar sanatoriy va pansionatlari, boshqa qator tibbiy-ijtimoiy muassasalar uning tasarrufiga o`tkazildi.
“Saxovat”, “Muruvvat” uylari, Respublika faxriylar pansionatining rahbar va shifokorlari ish haqi 1,5 barobarga, kichik va o`rta tibbiyot xodimlari ish haqi 2 barobarga oshirildi.
O`tgan davrda internat uylarda yashovchi 9 ming 400 nafar keksalar va nogironligi bo`lgan shaxslar hamda 18 ming nafar hech kimi yo`q va yolg`iz yashaydigan fuqarolar tibbiy ko`rikdan o`tkazilib, ularni sog`lomlashtirish choralari ko`rildi.
Nogironligi bo`lgan 900 nafar bola protez-ortopediya moslamalari bilan ta`minlandi.
“Zamin” jamg`armasi bilan hamkorlikda zaif eshituvchi 2 mingdan ziyod bola jami 4 mingta raqamli eshitish moslamalari bilan ta`minlandi, 11 ta ixtisoslashgan maktab-internat yordamchi tovush-nutq vositalari bilan jihozlandi.
Shuningdek, 1 ming 100 nafar nogironligi bo`lgan shaxslar pultli aravachalar bilan ta`minlandi.
O`tgan yili “Saxovat”, “Muruvvat”, “Mehribonlik” va bolalar uylari, faxriylar pansionatlari, maktab-internatlarda 172 milliard so`mlik qurilish-ta`mirlash va jihozlash ishlari bajarildi.
“Joriy yilda barcha tibbiy-ijtimoiy muassasalarni qurilish-ta`mirlash va jihozlashga 227 milliard so`m ajratamiz”, dedi Prezident.






