Bu haqda "Darakchi" muxbiri Sardorbek Rahmonqulov xabar bermoqda.
Xususan, “Poytaxt – madaniyat va ma`rifat bulog`i” loyihasi doirasida taniqli 400 dan ziyod mahallada mumtoz kuy-qo`shiq va maqom kechalari uyushtirildi. Aholi uchun 40 ta spektakl, 70 dan ziyod milliy filmlar namoyishi, 20 dan ortiq gala-konsert tashkil qilindi.
Mutasaddilarga “temir”, ayollar” va “yoshlar” daftarlariga kiritilgan aholini teatrlar, muzey va konsertlarga bepul chiptalar bilan ta`minlash amaliyotini yo`lga qo`yish topshirildi.
“Mahallada duv-duv gap” loyihasi doirasida ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarning 56 nafar farzandining sunnat to`ylari o`tkazib berilgani xalqimizga xos mehr-oqibat va muruvvatning yana bir namunasi bo`ldi.
O`tkazilayotgan madaniy-ma`rifiy tadbirlar poytaxtimiz aholisi orasida katta qiziqish uyg`otib, jamoatchilik tomonidan ijobiy baholanayotganini hisobga olib, bu ishlar ko`lamini yanada kengaytirish zarurligi ta`kidlandi.
O`tgan yili yangi “mahallabay” tizimini joriy qilish maqsadida Toshkent shahrining barcha tumanlari va mahallalariga mas`ullar biriktirilgan edi.
Endi ular tuman va mahallalarni rivojlantirish bo`yicha barcha masalalar bilan shug`ullanish, jumladan obodonchilik, ozodalik va ko`kalamzorlashtirishni ta`minlash, aholining bo`sh vaqtini mazmunli tashkil etish kabi vazifalar ijrosida mahalliy hokimiyat organlariga ko`maklashadi. Jumladan:
- mahallalarda taniqli san`atkorlar, ijodkorlar va sportchilar ishtirokida konsert, adabiy va ijodiy uchrashuvlarni tashkil etish;
- har oyda kamida 10 ta ehtiyojmand nuroniylarni Samarqand, Buxoro va Xiva kabi turizm markazlariga sayohatga olib borishni uyushtirish;
- har yili kamida 10 nafar ehtiyojmand nuroniyni sanatoriyda davolanishini ta`minlashda tuman rahbarlariga amaliy yordam beriladi.
Bundan tashqari, rahbarlar har bir mahallada ko`chalar va ariqlar bo`ylari, ko`p qavatli uylar atrofiga mevali va manzarali daraxtlar, terak qalamchalari va gul ko`chatlari ekishni tashkil etishi zarur.
"Yana bir masala – biz o`tgan yili poytaxtdagi 579 ta mahallaning har biriga 2 mlrd so`mdan, jami 1 trln 158 mlrd so`m mablag` ajratib, ichki yo`llarni qurish-ta`mirlash bo`yicha katta ko`lamdagi ishlarni amalga oshirdik.
Bu chora juda yaxshi samara berganini hisobga olib, joriy yilda ham har bir mahallaga respublika byudjetidan 1 mlrd so`mdan, mahalliy byudjetning qo`shimcha daromadlari hisobidan yana 1 mlrd so`mdan ajratiladi va ichki yo`llar yaxshilanadi", dedi Prezident.
Bundan tashqari, Toshkent shahri byudjetining prognozdan yuqori tushumi hisobidan 200 mlrd so`m mablag` mahallalar infratuzilmasini yaxshilashga yo`naltiriladi.
“Toshkent shahri mahallalarini obod va ko`kalamzor qilish ishlari, avvalambor, xalqimiz uchun munosib turmush sharoitini yaratish, ularni rozi qilishga yo`naltirilgan”, dedi davlatimiz rahbari yig`ilish yakunida.






