Kecha ijtimoiy tarmoqlarda noma`lum ayol yosh bolalarga ozor berayotgani aks etgan videolavha tarqaldi va keng muhokamalarga sabab bo`ldi.
Videoda ayol go`daklarga kuchli tazyiq o`tkazayotgani, haqoratlagani, hatto qo`l ko`targani aks etadi.
Mazkur holat yuzasidan Ichki ishlar vazirligi axborot xizmati munosabat bildirdi.
Qayd etilishicha, 29 mart kuni Xo`jayli tumanida yashovchi fuqaro A.A. tuman IIB boshlig`i nomiga ariza bilan murojaat qilib, 2021 yil iyul oylaridan boshlab turmush o`rtog`i bilan o`rtalaridagi o`zaro kelishmovchilik sababli ayoli o`zining ikki nafar voyaga etmagan qizlarini urib, ularga azob berib kelayotganligini, shu sababli unga nisbatan qonuniy chora ko`rishda amaliy yordam berishni so`ragan.
Shu bilan birga, joriy yilning 9 aprel kuni ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videotasvirda, ayol tomonidan o`zining voyaga etmagan farzandlari 2017 y.t. X.Sh.ni hamda 2019 y.t. X.A.ni har xil so`zlar bilan haqoratlab, ularning ojiz ahvoldaligini bila turib, do`pposlayotganligi tasvirlangan.
"Hozirda mazkur holat yuzasidan O`zbekiston Respublikasi JKning 110-moddasi 2-qismi “a,v” bandlari bilan jinoyat ishi qo`zg`atilib, gumonlanuvchi X.F.ga nisbatan prosessual cheklov chora belgilash masalasi ko`rilmoqda",-deyiladi xabarda.






