2022 yilning 2 aprel kuni Fransiyaning “Chasse et Peche TV” telekanalining suratga olish guruhi baliq ovi va sayohat haqida “Globe-pecheurs en Uzbekistan” (Baliqchi-sayohatchilar O`zbekistonda) hujjatli filmini suratga olish uchun O`zbekistonga uchib kelishdi. Bu haqda Turizm va madaniy meros vazirligi matbuot xizmati xabar bermoqda.
Ma`lum qilinishicha, mashhur rejissyor Paskal Karron, shuningdek, jurnalist Bertran Devid va operator Erik Voringerning O`zbekistonga ushbu tashrifi hisob bo`yicha ikkinchisidir.
Hozirda suratga olish guruhi Navoiy va Jizzax viloyatlari hududida bo`lib, Aydar-Arnasoy ko`lida baliq ovi jarayonlarini suratga olishmoqda.
“Baliqchi-sayohatchilar” hujjatli filmi fransuz televideniyasidagi katta auditoriyaga ega bo`lagan filmlardan biri hisoblanadi va u sayohatchi baliqchilarning sevimli teleko`rsatuvlaridan biri sifatida tan olingan. Hujjatli filmni dunyo bo`ylab 2 mln.ga yaqin tomoshabin katta qiziqish bilan kuzatadi.
Shuni ta`kidlash kerakki, “Chasse et Peche TV” kanali M6 ning bir qismi bo`lib, Metropole Television nomi bilan ham tanilgan. U fransuz tilida efirga chiquvchi dunyoda uchinchi eng mashhur televizion tarmoq sifatida – eng daromadli xususiy milliy telekanal hamdir.
Ma`lumot uchun, ushbu loyihani O`zbekistonda suratga olish bo`yicha ijodiy guruhning birinchi tashrifi Turizm va madaniy meros vazirligi tomonidan 2021 yilning 27 iyunidan 5 iyuligacha tashkil etilgan edi. Unda ijodiy guruh Respublikaning Xorazm, Buxoro, Samarqand, Navoiy va Toshkent viloyatlarida bo`lib, suratga olish jarayonlarini amalga oshirishgan.






