AsosiyJamiyat

Qoraqalpog`istonda zo`ravonlikka uchragan farzandlar Bolalarni himoya qilish tashkilotining nazoratiga olindi

'Qoraqalpog`istonda zo`ravonlikka uchragan farzandlar Bolalarni himoya qilish tashkilotining nazoratiga olindi'ning rasmi

Kecha ijtimoiy tarmoqlarda noma`lum ayol yosh bolalarga ozor berayotgani aks etgan videolavha tarqaldi va keng muhokamalarga sabab bo`ldi.

Qoraqalpog`istonda ayol turmush o`rtog`i bilan o`zaro kelishmovchilik sababli, ikki qizini ayovsiz do`pposlab, ularga azob berib kelgan ayolga jinoyat ishi qo`zg`atildi.

Bola huquqlari bo`yicha vakil A.Yunusova ota-onalarning farzand tarbiyasi uchun mas`uliyatini kuchaytirish, bolalarni shafqatsiz muomala va zo`ravonlikdan asrash uchun barcha imkoniyatlarni ishga solishni ta`kidladi.

Uning qayd etishicha video bolalarni himoya qilish, ota-onalarini javobgarlikka tortish, shu jumladan ularning kelajakdagi taqdiri bilan bog`liq barcha masalalar bilan bevosita shug`ullanadigan Respublika Bolalarni himoya qilish masalalari sho``basining telegram kanaliga yuborilgan.

Mutaxassisning keltirishicha, zo`ravonlik nafaqat bolalarning omon qolishi va sog`lig`iga, balki ularning hissiy farovonligi va kelajak istiqbollariga ham tahdid soladi. Agar bola erta yoshda, tana va miya rivojlanishining muhim bosqichida zo`ravonlikni boshdan kechirgan yoki guvohi bo`lgan bo`lsa, salbiy oqibatlar qaytarilmas bo`lishi mumkin. Zo`ravonlik bolalarning jismoniy va ruhiy salomatligiga ta`sir qiladi, ularning ta`lim olish va ijtimoiylashuv qobiliyatini pasaytiradi, psixologik jihatdan sog`lom voyaga etishishlari va yaxshi ota-onalar bo`lib shakllanishlariga to`sqinlik qiladi.

" – Afsuski, oilada bolalarga nisbatan zo`ravonlik, ijtimoiy norma hisoblanib qolmoqda. Ko`pincha uning oqibatlari muhokama qilinmaydi. Farzandni tarbiyalash uchun zo`ravonlik zarur, jismoniy kuch jazo sifatida ishlatilishi mumkin, deb hisoblaydigan ota-onalar bor.

Ota-onalarning turmush sharoitining og`irligi, qashshoq va kambag`alligi, ularning spirtli ichimliklarni iste`mol qilishi va o`z farzandlarini tashlab ketishi hamda migrasiyasi bolalarning qarovsizligi, tahqirlanishi yoki ekspluatasiyasi xavfini oshiradi.

Bolalar zo`ravonlik holatlari haqida gapirmaydilar va shuning uchun kamdan-kam hollarda kerakli yordamni olishadi", – deydi A.Yunusova.

 

O`zbekistonda bolalar qanday himoyalangan?

 

O`zbekiston Respublikasi tomonidan Bola huquqlari to`g`risidagi Konvensiya 1992 yil 9 dekabrida ratifikasiya qilindi. Davlat o`z zimmasiga mazkur xalqaro hujjatda qayd etilgan bolalarning barcha huquqlarini, shu jumladan, jismoniy, ruhiy va jinsiy zo`ravonliklardan, qiynoqqa solishlardan yoki shafqatsizlik, qo`pol yoxud inson qadr-qimmatini kamsituvchi boshqa shakllardagi muomaladan, himoya qilish majburiyatini oldi.

O`zbekiston Respublikasining “Bola huquqlarining kafolatlari to`g`risida”gi qonunida bola huquqlarini himoya qilish bo`yicha davlat siyosatining asosiy yo`nalishlaridan biri sifatida (4-modda) bolaning hayoti va sog`ligini muhofaza qilish, bolaning kamsitilishiga yo`l qo`ymaslik, bolaning sha`ni va qadr-qimmatini himoya qilish, bolalar huquqlari va imkoniyatlarining tengligini ta`minlash, bola huquqlari kafolatlarining huquqiy asoslarini takomillashtirish, bola huquqlarining kafolatlari to`g`risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini ta`minlash belgilangan.

Shu bilan birgalikda, ushbu qonunda davlat bolaning barcha shakllardagi kamsitishlardan himoya qilinishini ta`minlash uchun zarur choralarni ko`rishi (7-modda), har bir bola o`z sha`ni va qadr-qimmatiga qilingan tajovuzlardan, shaxsiy hayotiga g`ayriqonuniy aralashuvlardan himoyalanish huquqiga egaligi, davlat jismoniy, ruhiy va jinsiy zo`ravonlikdan, qiynoqlarga solishdan yoki shafqatsiz, qo`pol yoxud inson qadr-qimmatini kamsituvchi boshqa shakldagi muomaladan himoya qilinishini amalga oshirishi belgilangan.

" – Eng yomoni, bolaning huquqlari, afsuski, reallik ko`rsatganidek, ota-onalar va boshqa yaqin qarindoshlar tomonidan poymol etilmoqda.

Shu o`rinda Davlat organlari va boshqa tashkilotlar, shuningdek fuqarolar bolalarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari buzilganligi to`g`risidagi ma`lumotlar xususiyatidan kelib chiqib mas`ul organlarni (prokuratura, ichki ishlar, sog`liqni saqlash, ta`limni boshqarish, fuqarolarning o`zini o`zi boshqarish, Bola huquqlari bo`yicha vakil, Bolalar masalalari bo`yicha milliy komissiya, Bolalarni himoya qilish masalalari sho``basi va boshqa shu kabi) zudlik bilan xabardor qilishlari lozim", – deydi A.Yunusova.

Bola huquqlari bo`yicha vakil bolalarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari buzilganligi to`g`risidagi ma`lumotlar ijtimoiy tarmoqlarda joylashtirilishi va tarqatilishi hamda ommaviy axborot vositalarida e`lon qilinishidan oldin mas`ul organlarga xabar berilishi maqsadga muvofiqligini ta`kidlaydi. Chunki bolalar mavzusining ommaviy axborot vositalarida yoritishning o`ziga xos etikasi va qonun-qoidalari, talablariga ko`ra, jabrlangan bolalarni tanish mumkin bo`lgan ma`lumotlar berilmasligi kerak. 

 

    Boshqa yangiliklar