Bu haqda Qoraqalpog`iston Respublikasi prokuraturasi xabar qildi.
Ma`lum qilinishicha, Nukus shahrida yashovchi fuqaro N.Yu.ning 14.02.2021 yili qiz jinsli chaqalog`i tug`ilib, 15.02.2021 yili soat 09:15 da Qoraqalpog`iston Respublikasi hududiy perinatal markazi shifokorlari tomonidan ushbu chaqaloq o`lganligi qayd etilib, soat 10.15 da patologiya byurosi xodimlariga berib yuborgan.
Patologiya byurosi xodimlari tomonidan chaqaloqning ko`krak qafasida anotomik kesma kesgan vaqtida chaqaloqda hayotiy belgilar aniqlangan bo`lsada, unga birinchi tibbiy yordam ko`rsatilmasdan, Qoraqalpog`iston Respublikasi perinatal markazi shifokorlari chaqirilib, chaqaloq qaytarib berib yuborilgan.
Natijada, chaqaloq o`z vaqtida zarur tibbiy yordam ko`rsatilmaganligi oqibatida vafot etgan. Ushbu holati yuzasidan Nukus shahar prokuraturasi tomonidan 06.04.2021 yili O`zbekiston Respublikasi JKning 116-moddasi 3-qismi bilan jinoyat ishi qo`zg`atilgan.
Jinoyat ishining dastlabki tergov harakatlari davomida tayinlangan komissiyaviy sud-tibbiyot ekspertizasining 26.10.2021 yildagi xulosasida fuqaro N.Yu.ning chaqalog`i o`limiga amaldagi standartlarga muvofiq reanimasion yordam-o`pkaning sun`iy ventilyasiyasi, surfaktant va lozim darajada qarov o`tkazilmaganligi hamda patologo-anatomik tadqiqot maqsadida tirik chaqaloqda o`tkazilgan anotomik kesma-jaroxat sabab bo`lganligi, standartlarga muvofiq davo muolajalari o`tkazilgan takdirda chaqaloq hayotini saqlab qolish imkoni bulganligi ko`rsatib o`tilgan.
Yuqoridagi xolat yuzasidan Qoraqalpog`iston Respublikasi hududiy perinatal markazi chaqaloqlarning reanimasiya bo`limi boshlig`i lavozimida ishlagan A.D., Qoraqalpog`iston Respublikasi perinatal markazi neonatolog shifokori bo`lib ishlagan S.R. va Qoraqalpog`iston Respublikasi patologiya-anatomiya byurosi patologiya-anatom shifokori K.G.lar O`zbekiston Respublikasi JKning 116-moddasi 3-qismida ko`rsatilgan jinoyatni sodir etganlikda ayblanuvchi tariqasida jinoyat ishiga jalb qilingan.
04.12.2021 yilda jinoyat ishi bo`yicha dastlabki tergov harakatlari tamomlanib, ayblanuvchilarga e`lon qilingan va shu kuni jinoyat ishi hujjatlari ayblanuvchilarga tanishib chiqish uchun taqdim etilgan va jinoyat ishlar bo`yicha Nukus shahar sudiga O`zbekiston Respublikasi JPKning 388-moddasi muvofiq mazmunan ko`rib chiqish uchun yuborilgan.
Hozirgi vaqtda jinoyat ishlari bo`yicha Nukus shahar sudi tomonidan ko`rib chiqilmoqda.