Bugun, 20 aprel kuni O`zbekiston Milliy kutubxonasida “Nashriyotlar faoliyati tahlili, kitobxonlar ehtiyojini yanada to`lqonli qondirish borasidagi dolzarb vazifalar, istiqboldagi rejalar” mavzusidagi amaliy seminar bo`lib o`tdi. Bu haqda Darakchi.uz muxbiri xabar berdi.
Tadbirda bugungi kunda noshirlik, matbaa va kitob savdosi sohasida dolzarb muammolar, kitoblarning mazmun mundarijasini baholash mezonlari, noshirlik faoliyatida mualliflik huquqlariga rioya etilishi, tarjima asarlarni nashr etish, kitoblarga ISBN va davriy nashrlarga ISSN xalqaro standart tartib raqamlari, hamda kitoblarga UO`K va KBK indekslarini taqdim etish, Elektron va audikitoblar platformasi, Noshirlar va kitob savdosi tashkilotlari Milliy assosiasiyasi faoliyati yoritildi. 23 aprel-Xalqaro kitob va mualliflik huquqini himoya qilish kuniga bag`ishlangan mavzuga alohida to`xtalib o`tildi. Nashriyotchilik sohasidagi muammo va echimlar, shuningdek, kitobxonlikni ommalashtirish borasida amalga oshirilgan hamda istiqboldagi dolzarb vazifalar muhokama qilindi.
O`zbekiston Milliy kutubxonasi tomonidan respublikada chop etilayotgan kitoblarga ISBN va davriy nashrlarga ISSN xalqaro standart tartib raqamlari, hamda kitoblarga UO`K va KBK indekslarini taqdim etishning onlayn xizmati yo`lga qo`yilgan.
O`zbekiston Milliy kutubxonasida mazkur xizmat turlari bilan yaqindan tanishishtirish, ushbu xizmat turining tartibi va ularga rioya etilishining ahamiyati to`g`risida taqdimotlar tayyorlandi. Unda nashriyotlar va tahririyatlardan vakillar, shuningdek ushbu xizmatlardan foydalanuchilar ishtirok etadilar. Tadbir qatnashchilari tomonidan berilgan savol va takliflar tadbirni qizg`in munozarali tazrda bo`lib o`tishini ta`minladi.
ISBN – kitobning xalqaro standart tartib raqami. U butun jahonda nashr etiladigan har bir kitobni muayyan tartibda belgilashga mo`ljallangan bo`lib, kitob savdosini takomillashtirish va kitoblarni tarqatishda muhim vosita bo`lib xizmat qiladi. Xalqaro kitob savdosi bilan shug`ullanuvchilarning elektron katologlaridagi kitoblarga oid ma`lumotlar ham ISBN asosida yaratiladi.
ISSN – turkum nashrlarning xalqaro standart raqami bo`lib, bu hujjatlarni tez va samarali etkazishning muhim vositasidir. Turkum nashrlarning Xalqaro standart raqamlanishi gazetalar; jurnallar; yilnomalar; turkum audio-videonashrlar; turkum elektron nashrlar; mikrotashuvchilardagi turkum nashrlarga qo`llanadi.
UO`K – Universal o`nlik klassifikasiya. Jahon miqyosida ishlatiladigan axborot klassifikasiya tizimi bo`lib, u fan, adabiyot va san`at, vaqtli nashrlar, turli xildagi hujjatlarni tizimlashda va kartotekalar tuzishda qo`llaniladi.
KBK – Kutubxona-bibliografik klassifikasiya. Jadvalning asosiy vazifasi matbuot asarlarining mazmunini ochib berishdan, ularning bilimlarni ilmiy jihatdan asoslangan mukammal sistemasi sifatida tasavvur qilishdan va shu tariqa kerakli axborot-kutubxona resurslaridan foydalanishni maksimal darajada engillashtirishdan iborat.