AsosiyJamiyat

Sherali JO`RAEV:“Bu kunlarga etganlar bor”

'Sherali JO`RAEV:“Bu kunlarga etganlar bor”'ning rasmi

O`zbekiston va Tojikiston xalq artisti, Alisher Navoiy nomidagi Davlat mukofoti hamda “Fidokorona xizmatlari uchun” ordeni sohibi Sherali Jo`raevning qo`shiqlari yarim asrdan ziyoddirki, asl san`at shaydolarining ko`ngil mulkidan joy olib kelayotir. Ellik yildan oshibdiki, hofiz xonishlari dillarga malham, o`ksik qalblarga yupanch, Vatan, millat, muhabbat, o`zlik, g`urur va or haqida otashin nido bo`lib yangramoqda.

Prezident Shavkat Mirziyoev 2022 yil 12 aprel kuni qutlug` 75 yoshga to`lgan O`zbekiston xalq artisti Sherali Jo`raevni “El-yurt hurmati” ordeni bilan mukofotlash to`g`risidagi farmonni imzoladi. Shuningdek, davlatimiz rahbari ushbu sana munosabati bilan hofizga tabrik ham yo`lladi. 

Unda, jumladan shunday so`zlar bor: 

El-yurtimiz Sizni butun hayotini o`zbek madaniyati va san`atini rivojlantirishga bag`ishlagan, o`z ijodiy maktabini yaratgan ulkan va betakror iste`dod egasi, fidoyi va millatparvar shaxs sifatida yaxshi biladi va yuksak qadrlaydi” deyiladi tabrikda. 

Bunday yuksak e`tirof hofizning qalbiga ulkan quvonch baxsh etgani shubhasiz. Zero, Sherali Jo`raev umrini san`atimiz rivojiga baxshida etgan, bu yo`lda o`lmas qo`shiqlar yaratgan, minglab shogirdlarni tarbiyalagan iqtidor sohibidir. 

Hofizni qutlash bahonasida u kishining xonadonlarida bo`lib, suhbat ham uyushtirdik. 

– Avvalo, kamtarona mehnatlarimni yuksak baholagani uchun Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevdan behad minnatdorman. El-yurt manfaati, xalqimiz farovonligi yo`lida qilayotgan ulug`vor xizmatlarini Yaratgan Egam yuksak ajrlar bilan siylasin. 

Insonning boshida har xil kunlar bo`ladi. Har bir kun g`animat va sinov. Shu omonat umrda turli holatlar ro`y beradi. Qiyinchilik, iztirob va mashaqqatga sabr bilan javob berish kerak. Sabr qilgan odamning yuzi hamisha yorug` bo`ladi. Aytmoqchimanki, ko`p yillar katta sahnalardan yiroqda bo`ldim, davlat tadbirlarida ishtirok etmadim. Biroq, xalqimizning qalbidan uzoqlashganim yo`q. Uzoqlashtirmagani uchun Allohga shukronalar bo`lsin. 

Mana, bugun, dorilamon kunlar keldi. Bizning dil og`riqlarimiz tumandek tarqab ketdi. Buning uchun yana bir bor muhtaram Shavkat Mirziyoevga tashakkurlarim, ehtiromlarimni bildirib qolaman. 

– Sherali aka, konsertlaringizni doim “Onaginam” qo`shig`ingiz bilan boshlaysiz. Onalarga bo`lgan ehtirom haqida gapirib o`tsangiz.

–Onaizor farzandi hali dunyoga kelmasidanoq uni avaylaydi. Sog`-omon tug`ilsin, deydi. Tug`ilgandan keyin ham tunlari bedor bo`lib, uning uchun o`zini ayamaydi. Farzand parvarishi alohida bir mashaqqat. Holbuki o`zbek ayolining ro`zg`orda bola katta qilishdan tashqari ming bir tashvishi bor. U shu zahmatlardan o`zini tiyadi, deb o`ylaysizmi? Aslo. Masalan, bolalikdan yaxshi eslayman: mening onam hech mehnatdan qochmagan, erkaklar qiladigan ishlarni ham indamay bajarib ketaveradigan va bundan hech ham og`rinmagan, noshukurlik qilmagan ayol edilar. Volidam timsolida men barcha onalarni shunday tasavvur qilaman va bu haqiqat. Ana shunday ulug` zotlarni tarannum etish, ularga mos bir qo`shiq aytish haqida o`ylab yurganimda Halima Xudoyberdievaning onalarga bag`ishlangan she`rini o`qib qoldim. Yuragim “jiz” etdi, kuyi ham qalbimda paydo bo`ldi. Xalqimiz ham bu qo`shiqni yaxshi qabul qildi. Mana, salkam, qirq yildirki, shu qo`shiq bilan konsertlarimni boshlayman, to`ylarda ham shunday. Bu qo`shiqdagi so`zlar xuddi bugungi shodon kunlarimizni tasavvur qilib aytilgan niyatlar ijobatiga o`xshaydi:

 

Onaginam!

O`zing tortma davralardan, el chorlaganda,

“Tiriklikning bayrami”, deb sozlanganda tor.

O`zing so`lg`in lablar bilan pichirlaganday:

“Bu kunlarga etganlar bor, etmaganlar bor”.

 

– Umuman olganda, sizning repertuaringizda nafaqat mumtoz shoirlar, balki zamonaviy ijodkorlar yozgan she`rlar bilan aytilgan qo`shiqlar ham ko`p. Aslida mumtoz she`riyatni ko`proq yoqtirasizmi yo zamonaviylarinimi?

– G`alati savol: onangizni yaxshi ko`rasizmi, bolangiznimi, degan bilan barobar. Menimcha, she`riyat bitta tushuncha, unga muhabbat ham bitta bo`lishi kerak. Zamonaviy she`riyatni yoqtirgan odam klassik she`riyatni yomon ko`rishiga ishonmayman. Tushunmasligi mumkin, lekin bu boshqa masala. Har qanday yaxshi farzandning tayin ota-onasi bo`lganidek, har qanday yaxshi she`riyatning ham tayin o`tmish she`riyati bo`ladi — ularni bir-biridan judo qilib bo`lmaydi. She`r — mening hamishalik hamrohim. Qolaversa, haligi gapim qo`shiqqa ham tegishli — zamonaviy qo`shiqqa munosabat bilan klassik qo`shiqqa munosabat o`rtasiga Xitoy devori qurib bo`lmaydi. Tushunmaslik mumkin, lekin bu, yana aytaman, boshqa masala...

– Ko`p kitob o`qiysiz. Ularni tanlab o`qiysizmi yo qo`lga ilinganini?

– Pala-partish o`qib yurgan kezlarim ham bo`lgan. Vaqt o`tgan sayin qaysi shoirlarning ichki dunyosi o`zimga yaqin ekanini bilib boryapman. Alisher Navoiy asarlarini qayta-qayta o`qiyman. Faqat g`azallarini emas, yirik-yirik dostonlarni ham qo`ldan qo`ymayman. Sa`diy, Hofiz, Umar Xayyom, Firdavsiy, Bobur, Mashrab, Nodira, Furqat, Muqimiy, Qodiriy... bu yoqda Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf, Erkin Vohidov, Abdulla Oripov, Halima Xudoyberdieva... Yana yoshlar... Ishqilib, o`qiyman, deganga hozir yaxshi kitob ko`p. 

– Muxlislaringiz internetning You Tube sahifasi orqali xonadoningizda bo`lib o`tgan nazm va navo dasturlarini tomosha qilmoqda... 

– Uyimizda o`tkazilgan bu kabi anjumanlardan boshqa bir niyat ko`zda tutilgan: keyingi paytda san`atimizdan o`zbekona ruh uzoqlashganday. Evropaning, dengizning u tomonidagi san`at asarlarining namunalari bizning san`atga kirib kelishida bir narsa paydo bo`ldi. O`zimizning klassik, ya`ni, eski qadimgi, ming yillab shakllangan she`riyatimizga putur eta boshladi ozgina. Yoshlarimiz mabodo shuni ko`rsa, yana qaytib ularni esga olsin, degan niyatda Rumiyxonlik, Navoiyxonlik, Boburxonlik, Jomiyxonlik, Mashrabxonlik kechalarini tashkil qildik. Buni xalqimiz juda yaxshi qabul qildi. Bu ulug` zotlarning merosini, kimligini yoshlar qalbiga olib kirish, qanaqadir yo`l bilan yoshlar ongiga singdirish asl muddaomizdir. Shu bilan birga, qolgan tomoshabinlar ham uyida o`tirib, maza qilib ikki soat-uch soat tomosha qilsin, degan fikrlar asosida shunday kechalarni uyushtirgan edik.

– Siz tinchlik, osuda hayot haqida bir nechta qo`shiqlar aytgansiz. Tinchlik deb atalmish bebaho ne`matning qadri haqida nimalar deysiz? 

– Bugun olam to`fonlar ichra qalqib turgan dengizga o`xshaydi.  Ziddiyatlar, afsuski, kundan kunga avj olmoqda. Bunday vaziyatda qo`rqib ketasan, odam. Ammo bir taskin bor: jim qarab turilgani yo`q. Prezidentimiz yaxshi qo`shnichilik, uzoq-yaqindagi davlatlar bilan hamkorlik masalalarini juda chiroyli va ibratli tarzda amalga oshirib kelmoqda. Buning zamirida inson qadri degan ulug` tushuncha bor. Insonni ulug`lash, uni qadrlash, avvalo, tinch va totuv yashashi uchun sharoit qilib berishdan boshlanadi. Behad shukrki, yurtimiz tinch va osuda. Buning uchun shukrona aytgan holda shu ulug` kunlarda yana Allohdan so`raymizki, urushlar to`xtasin, nizolar, adovatlar barham topsin. Bolalar zoriqmasin, onalar yig`lamasin. Tinchlik deb zahmat chekayotganlarning boshi omon bo`lsin. 

Sherali Jo`raev bilan uzoq suhbatlashdik. Ustoz san`atkor bir olam hayajonu quvonch og`ushida. 

Darhaqiqat, Sherali Jo`raev san`ati har qancha olqishga munosib. 

Bag`rikenglik va do`stlikni, insoniy fazilatlarni yuksak pardalarda kuylab kelayotgan Sherali Jo`raevni yana bir bor yuksak ehtirom namunasi — “El-yurt hurmati” ordeni bilan muborakbod etamiz. Ushbu suhbat-maqolamizni esa Sherali Jo`raevning tarjimai holiga mengzaladigan “O`xshating” qo`shig`idagi misralar bilan yakunlashni joiz bildik:

   ...Ko`ksim uzra urilib, aks-sado berar qo`shiqlar,

Olam uzra taralarkan, unga yo`qdir to`siqlar.

Olis yo`ldan karvon kelar, tinglang do`stu sodiqlar,

Qo`shiqni siz oq tongda oq soyalarga o`xshating...

Maqsud JONIXONOV

("Darakchi" gazetasi, 2022 yil 21 aprel, 16-son)

 

    Boshqa yangiliklar