Nisholda Ramazon oyi mahsulotlaridan hisoblanadi. Xo`sh, nega aynan shu oyda tayyorlanadi? Necha yillardan buyon oilaviy nisholda tayyorlab xalqimiz dasturxoniga tortiq qilayotgan Husniddin G`ULOMOVning xonadonida bo`lib, ko`pchilikni savollarga javob oldik.
— Bu kasbni o`rganishingiz sababi nimada?
— 15-16 yoshimdan onamga nisholda tayyorlashda qarashib kelardim. Onam onalaridan o`rganib shu hunarni egallaganlar. Yaqinda onam vafot etdi. Onam shu kasbni sen davom ettirgin, mendan keyin senga bir meros bo`ladi, degandilar. Shu sabab ham bu kasbni davom ettirib kelyapman. 10 yil oldin milliy taomlar bo`yicha “Qizil kitob”ning birinchi muqovasida onamning rasmlari bilan birga nisholda tayyorlash sir-asrorlari ham yozib o`tilgan.
— Nisholda qanday tayyorlanadi, tarkibi nimalardan iborat?
— Vodiydan keladigan daraxtning ildizi bo`ladi. U ildizning nomi etmak deb ataladi. Etmak quritiladi. Yuvib, chayib va ma`lum miqdordagi suvda qaynatiladi. Me`yoriga etib qaynaganidan so`ng ma`lum miqdorda etmak hamda tuxumning oqi mis qozonga solinadi, so`ngra kamida ko`pigi etilgunicha chilcho`p orqali soatlab ko`pirtiriladi. Qo`l mehnati bo`lgani uchun judayam katta kuch kerak. Erkaklarning kuchi ko`p. Ayollarning esa qurbi etmay nafasi tiqilib qolishi mumkin. Shuning uchun, asosan, erkaklar tayyorlaydi. Nisholdaning qiyomi ham shu mis qozonda pishirib tayyorlanadi, lekin mehnati og`ir.
— Bir tayyorlashda qancha miqdorda tayyorlaysiz?
— Mahsulotlar miqdori va idishga qarab tayyorlanadi. Masalan, biz ishlatadigan mis qozonga tayyorlanadigan nisholda uchun 12 kg. shakardan foydalanaman. 1,5 litr etmak suvi va 15 ta tuxum oqi solinadi. Ko`pik tayyor bo`lganidan so`ng qiyom solinadi. O`zining cho`pi bor, ya`ni “lapatka” bilan aralashtiriladi. Ko`pik tayyorlashda ham biz ota-bobolarimizdan qolgan usul — behining novdasidan chilcho`plar yasab, qo`limizda qilamiz. Ko`pchilik nisholdachilar bu jarayonda mikserdan foydalanadi. Temir jihozlarda nisholda o`xshamaydi. Behi novdasidan foydalanayotganimizning sababi, u o`zidan maza-ta`m chiqarib, nisholdaning asl mazasi chiqishiga xizmat qiladi. Shuning uchun ota-bobolarimiz behi daraxtining novdalarini quritib, bir nechtasini birlashtirib, ko`pik tayyorlashda ishlatishgan.
— Nisholda tayyorlash uchun sarflagan xarajatlaringiz o`zini oqlaydimi?
— Alloh bergan nasibasiga yarasha qoplaydi. Savdoga kelsak, ancha yildan beri sotayotganimiz uchun mijozlarimiz ko`p. Bir marta olgan odam yana qaytib keladi. Tanish-bilish, qo`ni-qo`shnilar so`rab turishadi, Chig`atoy darvozaga olib borib ham sotamiz. Narxlari idishlariga qarab, har xil bo`ladi. 1 litri 25 minggacha sotiladi. Daromad ham shunga yarasha. Har holda ro`zg`orimiz but, kam-ko`stimiz to`lib turibdi. Bu kasb bilan ham bemalol ro`zg`or qilsa bo`ladi.
Qahramonimizning aytishicha, nisholda ovqat hazm qilish tizimini yaxshilaydi, ichaklarni tozalaydi. Yosh bolalar shamollashining oldini oladi. Bundan tashqari, nisholda ro`za tutayotganlarni och qoldirmaydi. Yana bir muhim tavsiya shuki, haqiqiy nisholda oppoq bo`ladi. Qolaversa, tayoqni ko`targanda uzilmasligi kerak. Uzilsa, haqiqiy bo`lmaydi. Haqiqiy nisholda bir yil, hatto undan ko`p ham turishi mumkin. Agar haqiqiy bo`lmasa, etmagi cho`kib, aynib qoladi.
“Sizni nisholda tayyorlash qiziqtirgan bo`lsa, avvalo ustoz shogird tushing. Foydasi, albatta, nasibasiga yarasha bo`ladi. Shu kasbni egallab, shukr, kam bo`lmadik”, deydi qahramonimiz.