Toshkentlik ko`cha san`ati rassomi Inkuzartning bu galgi ijod mahsuli korrupsiya haqida bo`ldi. Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi hovlisida korrupsiya haqida graffit chizdi va videoni ijtimoiy tarmoqdagi sahifasiga yukladi.
Kun va davr mavzularini suratlari orqali yoritib borayotgan ijodkorning navbatdagi ijodi ayni paytda jamoatchilik diqqat markazida bo`lib turibdi. Video ostida munosabat va izohlar qoldirilmoqda.
Mavzuning dolzarbligi va tanqidiy ruhda ekanini inobatga olib, internet foydalanuvchilari ushbu surat allaqachon o`chirib tashlangandir degan taxminlarni bildirishmoqda.
"Uzoq qo`yishmaydi...", "Allaqachon o`chirib tashlashgandir...", "Rassom disam, fikrlashlari xam keng...", "Asli chiziladigan devorlarimiz juda ko`p. Sekin asta u erlarga etib borsa kerak..." kabi izohlar shular jumlasidan.
Ayni paytda ushbu surat yuzasidan Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori Akmal Burxonovning o`zi ham munosabat bildirdi.
"Biz har kuni korrupsiya balosidan tezroq qutulish, yurtimiz rivojiga o`z hissamizni qo`shishga harakat qilamiz. Biroq, korrupsiya illati hanuzgacha elkamizda og`ir yuk bo`lib qolmoqda.
Bu yukdan qancha tez qutulsak, oldimizga qo`yilgan maqsadlarga shuncha tez erishamiz. Buning uchun nafaqat Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi, balki aholining barcha qatlamlari faol ishtirok etishlari, ko`maklashishlari kerak.
Agentlik mazkur graffiti muallifi @inkuzart ning ijodiy g`oyasini va shu kabi korrupsiyaga nisbatan murosasizlikka qaratilgan kreativ yondashuvlarni doimo qo`llab-quvvatlaydi", - deb yozib qoldirdi Agentlik direktori.