“Joriy yilda Navro`z bayrami munosabati bilan qo`shimcha dam olish kunlari belgilangani, 250 ta mehmonxona va muzeylar aholiga chegirma bergani, ziyorat ob`ektlari bepul qilingani ichki turizm uchun katta turtki berdi.
Bu orqali Buxoro va Samarqandga qo`shimcha 110 ming mahalliy turistlar bordi.
Kelgusi haftada Ramazon hayiti munosabati bilan ham aholimizga yana 5 kunlik dam olish beriladi.
Bu hududlarda ichki turizmni rivojlantirish uchun qo`shimcha imkoniyat, dedi Davlat rahbari.
Turizm vazirligiga xorijiy turistlarga ko`maklashuvchi saytlar, mobil ilovalar yaratish bo`yicha tanlov e`lon qilib, eng yaxshilariga grant ajratish topshirildi.
186 ta xalqaro va mahalliy festivallar tashkil etish orqali joriy yilda kamida qo`shimcha 1 million xorijiy va 5 million nafar ichki turistlarni jalb qilish mumkinligi ta`kidlandi.
Bundan tashqari, 1 sentyabrdan boshlab, yurtimiz bo`ylab sayohat qilayotgan fuqarolarga:
- avia, temir yo`l va avtobus chiptalari narxining 15 foizini (aviatransportga 200 ming so`mgacha, temir yo`l va avtobusga 100 ming so`mgacha);
- mehmonxona xarajatining 20 foizini (bir kecha uchun – 80 ming so`mgacha);
- muzey va boshqa madaniyat ob`ektlariga chipta narxining 50 foizini (bitta ob`ekt uchun – 20 ming so`mgacha) qaytarish tizimi joriy etiladi.
Bayram kunlari va festivallarda aholining faol sayohat qilishiga qulay sharoit yaratish uchun qo`shimcha avia, temir yo`l va avtobus qatnovini tashkil etish zarurligi ko`rsatib o`tildi. Bunda chiptalarga 50 foizgacha chegirmalar joriy qilinadi.






