Ijtimoiy tarmoqlarda "Arnasoy" yozuvi tushirilgan tez tibbiy yordam avtomashinasi yonida bemor zambildan beixtiyor erga yiqitib yuborilgani aks etgan videolavha tarqaldi. Bu esa keng jamoatchilik o`rtasida turli muhokamalarga sabab bo`ldi.
Sog`liqni saqlash vazirligi mazkur holat yuzasidan ma`lumot berdi.
Aniqlanishicha, joriy yil 23-24 aprel kunlari Jizzax viloyati Arnasoy tumanida uyushmagan yoshlar o`rtasida “Quvnoqlar va zukkolar” respublika ko`rik-tanlovi o`tkazilib, ushbu videorolik tuman madaniyat markazi rejissyori B.Ayyubov tomonidan hududdagi G`afur G`ulom, G`oliblar, Bobur va Oltin vodiy mahalla fuqarolar yig`inlari yoshlaridan iborat “Shovvozlar” terma jamoasi uchun maxsus suratga olingan.
Shundan so`ng bu lavha mazkur jamoa a`zolarining ijtimoiy tarmoqlardagi shaxsiy sahifalariga “Quvnoqlar va zukkolar uchun maxsus” tag so`zi ostida joylangan. Ammo keyinchalik ayrim blogerlar tomonidan noto`g`ri talqin qilingan holda internet tarmoqlariga tarqatib yuborilgan.
Ya`ni, ushbu videolavhada aks etgan noxush holatga mamlakatimiz tez tibbiy yordam tizimi, xususan, Arnasoy tuman tibbiyot birlashmasi tez tibbiy yordam brigadasi xodimlarining mutlaqo aloqasi yo`q.
Shu bois vazirlik fuqarolardan ijtimoiy tarmoqlarda tibbiyot xodimlari obro`siga putur etkazadigan bu kabi asossiz axborot va videolavhalarni tarqatmasliklarini so`rab qoladi.
Eslatib o`tamiz, o`tgan 2021 yil mamlakatimiz tez tibbiy yordam xizmatiga jami 12 million 560 ming 749 ta chaqiriq kelib tushgan bo`lib, bemorlarga 2694 ta tez tibbiy yordam brigadalari tomonidan tezkor va sifatli tez yordam ko`rsatildi.






