AsosiyJamiyat

Samarqanddagi 60 o`rinli hibsxonada 160 nafar shaxs saqlanmoqda

'Samarqanddagi 60 o`rinli hibsxonada 160 nafar shaxs saqlanmoqda'ning rasmi

Joriy yilning 20 aprel kuni Oliy Majlisning Inson huquqlari bo`yicha vakilining (ombudsmanning) Samarqand viloyatidagi mintaqaviy vakili viloyatdagi Ma`muriy tartibda hibsga olingan shaxslarni saqlash uchun Maxsus qabulxonaga monitoring tashrifini amalga oshirdi. Bu haqda Ombudsman Axborot xizmati xabar berdi.

Unda “Yuksalish” umummilliy harakatining viloyat bo`linmasi bosh mutaxassisi ham ishtirok etgan.

Monitoring tashrifi amalga oshirilgan kun holatiga ko`ra qabulxonada 161 nafar hibsga olingan shaxslar saqlanmoqda. Ulardan 8 nafari ayol va qolgan 153 nafari erkaklar ekanligi aniqlandi.

Aslida 2020 yilda tashkil etilgan mazkur muassasaning sig`imi 60 nafar shaxsga mo`ljallangan. Lekin, amaliyotda 60 nafar emas 160 nafar shaxslar saqlanmoqda.

Maxsus qabulxonada saqlanayotgan shaxslarning yashash sharoitlari o`rganilganda kamchiliklar aniqlandi va ularni bartaraf etish bo`yicha tegishli tavsiyalar berilgan.

Saqlanuvchi shaxslarning yuvinish xonalari yangidan qurilgan bo`lib, bu bo`yicha kamchilik aniqlanmadi.

Saqlanuvchi shaxslarning madaniy dam olishlari va yaqin qarindoshlari bilan uchrashishlari uchun yaratilgan sharoitlar o`rganilganda Maxsus qabulxonada madaniy dam olishlari uchun alohida xonalar ajratilgani va 10 nafar mahkumga mo`ljallangan kutubxona mavjud ekani aniqlandi. Unda 150 ta turli badiiy va huquqiy adabiyotlar bor.

Shuningdek, monitoringda Maxsus qabulxonada saqlanuvchi shaxslarning yaqin qarindoshlari uchun tashkil etilgan uchrashuv xonalari ko`zdan kechirildi. Qisqa muddatli uchrashuv xonalarining soni atiga 1 ta bo`lib, bu 20 aprel holatiga ko`ra saqlanayotgan 160 nafar mahkum uchun etarli emas. Natijada ularning oila a`zolari bilan uchrashuvlarni tashkil etishda uzoq navbatlar vujudga kelmoqda. Shu nuqtai nazardan Ombudsman mintaqaviy vakili tomonidan qisqa muddatli uchrashuv xonalarini ko`paytirish bo`yicha tavsiyalar berildi.

Maxsus qabulxonada saqlanuvchi shaxslarga 2 ta xonadan iborat telefon xonasi ajratilgan. Telefonlashish uchun to`lov xizmati Maxsus qabulxona tomonidan to`lanadi.

    Boshqa yangiliklar