O`zbekiston chegarachilari 5 may kuni 3 nafar Qirg`iziston fuqarosini otib qo`ygani haqida xabarlar tarqalgan edi.
O`zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qo`shinlarining xabar berishicha, 2022 yilning 5 may kuni o`zbek-qirg`iz Davlat chegarasining Namangan viloyati Yangiqo`rg`on tumani Oqtom qishlog`i hududidan o`tgan qismida bir guruh noma`lum shaxslar tomonidan O`zbekiston Respublikasidan Qirg`izistonga noqonuniy ravishda ko`p miqdordagi tovar-moddiy boyliklarini olib o`tilayotganligi o`zbek chegara naryadlari tomonidan kuzatilgan va ushbu qonunbuzarlikni oldini olish bo`yicha choralar ko`rilgan.
Chegara naryadi tomonidan Davlat chegarasi buzg`unchilarini qo`lga olish vaqtida, qoidabuzarlarning bir guruhi harbiy xizmatchilarga nisbatan qarshilik ko`rsatib, kuch ishlatib, tan jarohatlari etkazgan va qurollarni olib qo`yishga harakat qilgan.
Ushbu holatda harbiy xizmatchilar qonunchilikda belgilangan tartibda qurol qo`llashga majbur bo`lganlar. Natijada, 3 nafar shaxslar yaralanib, ularning jinoiy sheriklari tomonidan Qirg`iziston hududiga olib ketilgan.
Hodisa tafsilotlarini aniqlash maqsadida, 5 may kuni zudlik bilan O`zbekiston Respublikasi va Qirg`iziston Respublikasining hudud bo`yicha chegara vakillari o`rtasida uchrashuv o`tkazildi. Shuningdek, 6 may kuni Farg`ona vodiysi yo`nalishi bo`yicha va Qirg`izistonning Jalol-obod viloyati bo`yicha chegara vakillarining uchrashuvi bo`lib o`tdi.
Hozirda har ikki tomon holat bo`yicha tekshiruvlarni davom ettirmoqda, chegarada vaziyat barqaror.
Holat yuzasidan O`zbekiston Respublikasining tegishli huquqni muhofaza qiluvchi idoralari tomonidan 2022 yilning 6 may kuni O`zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 223 moddasi (“Qonunga xilof ravishda chet elga chiqish yoki O`zbekiston Respublikasiga kirish”) bilan jinoyat ishi qo`zg`atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.






