“Qamchiq” dovonida kuzatilgan sel-toshqin bir qancha oqibatlarni olib keldi. Bu haqda FVV matbuot xizmati xabar qilmoqda.
Ma`lum qilinishicha, joriy yilning 4 may kuni soat 21:30 larda “Qamchiq” dovonida kuzatilgan kuchli yog`ingarchilik oqibatida “Angren-Pop” elektrlashtirilgan temir yo`lining 19 km. "Ko`l" stansiyasiga olib boruvchi avtomobil yo`lining yuvilishi oqibatida poezdni elektr quvvati bilan ta`minlovchi tayanch ustuni qulagan.
Yuzaga kelgan vaziyat oqibatlarini bartaraf etish maqsadida tezkor shtab tuzilib, "Qamchiq" MQYoQB va “O`zbekiston temir yo`llari” AJ maxsus avariya-tiklash brigadasi va muhandislik texnikalari bilan yo`lda ta`mirlash ishlari olib borilib, elektr tayanch ustuni, hamda yo`l ostidan qo`shimcha sel o`tkazgich qurish ishlari amalga oshirildi.
Shuningdek, avtomobil yo`lida sel, toshqin oqibatlarini bartaraf etish va yog`ingarchilik suvlarini betalofat o`tkazib yuborish maqsadida, suv o`tkazish inshootlarini va kyuvetlarni tozalash tadbirlari olib borildi. Dovon hududida hodisa oqibatlarini bartaraf etish tadbirlari davom etmoqda.






