“Xalqaro qishloq xo`jaligi universitetini tashkil qilish chora-tadbirlari to`g`risida”gi Prezident qarori (PQ–237-son, 07.05.2022 y.) qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.
Qarorga ko`ra, Buyuk Britaniya Qirollik qishloq xo`jaligi universiteti (Royal Agriculture University) bilan hamkorlikda Toshkent shahrida Xalqaro qishloq xo`jaligi universiteti tashkil etildi.
Universitet Qishloq xo`jaligi vazirligi va Buyuk Britaniya Qirollik qishloq xo`jaligi universiteti tomonidan ta`sis etiladigan to`liq akademik va moliyaviy mustaqil bo`lgan davlat ishtirokidagi oliy ta`lim muassasasi hisoblanadi.
Universitetda ta`lim grant va to`lov-kontrakt asosida amalga oshiriladi.
2022/2023 o`quv yilidan Xalqaro qishloq xo`jaligi universitetida quyidagi bakalavriat ta`lim yo`nalishlari tashkil etiladi:
- ️Aqlli qishloq xo`jaligi (Smart Agriculture);
- ️Agronomiya;
- ️Biotexnologiya;
- ️Agroiqtisodiyot;
- ️Chorvachilikni rivojlantirish;
- ️Oziq-ovqat xavfsizligi;
- ️Agrologistika.
Universitet bitiruvchilariga hamkor universitetning diplomi beriladi.
Qarorga ko`ra, Universitetda davlat muassasasi shaklidagi Qishloq xo`jaligi sohasida kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tarmoq markazi (Capacity Building Center) tashkil etildi.
Shuningdek, 2022 yil yakunigacha talabalar, magistrant va ilmiy izlanuvchilar hamda professor-o`qituvchilarning ilmiy ishlanmalari asosida startap-loyihalarni yaratish va amaliyotga tatbiq etish bilan shug`ullanuvchi davlat muassasasi shaklidagi “Agro Innovation Incubator” markazi tashkil etiladi.