Evrokomissiya Ukrainadan Evropa Ittifoqiga kirish bo`yicha so`rovnomaning ikkinchi qismini olishni kutmoqda. Kievga nomzod maqomini berish-bermaslik bo`yicha qaror iyun oyida qabul qilinadi. Bu haqda Evrokomissiya rahbari ma`lum qildi.
“Kecha “Ettilik guruhi” prezident Zelenskiy bilan muzokaralar o`tkazdi. Biz Ukrainani Evropa yo`lida qo`llab-quvvatlashni muhokama qildik. Anketaning ikkinchi qismini olishni intiqlik bilan kutaman. Evropa o`z qarorini iyun oyida qabul qilmoqchi”, — deb yozdi u Tvitterda.
Avvalroq Zelenskiy Tvitterda Ukraina Bryusselga so`rovnomaning ikkinchi qismini taqdim etishi, uning asosida Evrokomissiya Ukrainaga EI nomzodi maqomini berish bo`yicha tavsiya berishi kerakligini aytgan edi.
Kiev o`z so`rovnomasining birinchi qismini 17 aprel kuni Bryusselga topshirgan.
Bu boradagi muhokamalar jarayoni bir necha yil davom etishi mumkin. Finlyandiya bu yo`lni eng tez - uch yil ichida bosib o`tdi. Eng uzuni Turkiya bo`lib, u 2005 yilning kuzida Evropa Ittifoqiga kirish bo`yicha muzokaralarni boshlagan. Bugungi kunga kelib ham ularni yakunlash istiqbollari ko`rinmayapti.






