Farg`ona viloyatida boshlangan sog`lomlashtirish aksiyasi doirasida Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Farg`ona filialida bir qancha og`ir bemorlarda murakkab operasiyalar muvaffaqiyatli o`tkazildi. Sog`liqni saqlash vazirligi Matbuot xizmati ushbu bemorlarning taassurotlarini bo`lishdi.
“So`nggi besh-olti yil jon hovuchlab yashadim”,-deydi ulardan biri.
"Bemor odamning ko`ngliga hech nima sig`maydi. O`zidan o`tganini o`zi biladi. Farg`ona tumani, Vodil qishlog`i, Chimyon mahallasida yashovchi Abdunazar To`raev ham yigirma besh yildirki, yuqori qon bosimidan aziyat chekadi. Yillar davomida qilingan muolajalar esa samara bergani yo`q. Aksincha, yildan-yilga ahvoli yanada og`irlashdi. Kasallik zo`rayib, umumiy holatida salbiy o`zgarishlar kuzatila boshladi. Ayniqsa, oxirgi yillar kuchli bosh og`rig`i, hushdan ketish, qo`l-oyoqlarda holsizlik, nutq chalkashishi, ko`rish qobiliyatining sustlashishi kabi asoratlar bemorni ancha holdan toydirdi. Shu yil o`tkazilgan tomografiya tekshiruvlaridan so`ng unda ateroskleroz kasalligi aniqlanib, bosh miya qon tomirlari to`silib qolgani ma`lum bo`ldi",-deydi bemor.
— Dardning yaxshisi bo`lmaydi, — deydi Abdunazar aka.
"Inson kasal bo`lganida hayotning qadrini, salomatlikning haqiqiy qimmatini his qilarkan. Qolaversa, xastalik aniq bo`lsa-yu, davolanishga imkoning bo`lmasa, bundan yomoni yo`q. Chunki chorasizlikdan nima qilishni, qaerdan najot kutishni bilmaysan. Mana shunday og`ir paytda viloyatimizda o`tkazilayotgan sog`lomlashtirish aksiyasi oilamiz joniga oro kirdi. Hozir o`zimni yaxshi his qilyapman. Shifokorlarning aytishicha, yaqin kunlarda yana sog`lom hayotga qaytarkanman".
Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Farg`ona filiali kardiojarrohi Hondamir Mamadalievning aytishicha, uyqu arteriyasini ateroskelerozdan tozalash — anchagina murakkab muolaja. Buning uchun bemorning bo`yin qismi jarrohlik yo`li bilan ochilib, bosh miyaga ketgan arterial qon tomirlari xolesterindan tozalanadi. Shunisi e`tiborliki, bunday murakkab operasiya Farg`onada ilk bor o`tkazildi.
“Kasallikning kelishi oson, ketishi qiyin ekan”
Ana shunday og`ir xastalikka chalinganlardan yana biri oltiariqlik Sobirjon Rahmonov bo`lib, 2021 yil yanvar oyida insult xastaligini boshdan kechirgan. Shundan so`ng o`sha yili may oyida unda kardiojarrohlik operasiyasi o`tkazilgan. Biroq bemor muolajadan keyin ham butunlay sog`ayib ketmadi. So`nggi tibbiy tekshiruvlardan keyin uning uyqu arteriyalarini ateroskelerozdan tozalash kerakligi ma`lum bo`ldi.
— Kasallikning kelishi oson, ketishi qiyin ekan, — deydi bemor.
"Buni esa o`z boshimdan o`tkazib bildim. Ammo dard qanchalik og`ir bo`lmasin, inson tushkunlikka tushmasligi kerak. Ayniqsa, oilaviy sharoiti davolanishga imkon bermaydigan biz kabi bemorlarga davlatimiz tomonidan alohida g`amxo`rlik ko`rsatilayotgani sog`ayishimizga yanada ishonch bag`ishlamoqda. Operasiyam muvaffaqiyatli o`tdi",-deydi bemor buning uchun shifokorlardan minnatdor ekanligini bildirib.






