AsosiyJamiyat

Sudgacha etib bormayotgan samosudlar: kim zo`ravon, kim jabrdiyda?

'Sudgacha etib bormayotgan samosudlar: kim zo`ravon, kim jabrdiyda?'ning rasmi

So`nggi vaqtlarda ijtimoiy tarmoqlarda odamlarning bir-biriga, xususan, ayollarga nisbatan zo`ravonlik qilingani yoxud “samosud” holati aks etgan videotasvirlar ko`payib bormoqda. Jumladan, Sirdaryo viloyati Gulis­ton shahridagi maktablarning birida o`quvchining yaqinlari direktor o`rinbosari va o`qituvchini kaltaklagani jamoatchilik o`rtasida keng muhokama etildi. Shuningdek, sal avval Nukusda ayol kishi og`zaki gap talashib qolishi ortidan bir guruh ayollar tomonidan ayovsiz do`pposlangan edi. Voqea atrofida erkaklarning ham borligi yanada achinarli.  Shuningdek, Surxondaryoda kundoshini “samosud” qilib “jazolagan” ayol va uning opasi ozodlikdan mahrum etildi

Keltirilgan holatlar tasvirga olinib, ijtimoiy tarmoqlarda yoritilganlari xolos. Aslida, jamiyatda bu kabi illatlar yanada ko`proqni tashkil etadi.

ZO`RAVONLIKLARNING 87 FOIZI OILADA SODIR ETILGAN

Umida ABDULLAEVA, Ichki ishlar vazirligi Huquqbuzarliklar profilaktikasi xizmati boshlig`i o`rinbosari, polkovnik:

— 2021 yil davomida ichki ishlar organlariga xotin-qizlarga nisbatan tazyiq va zo`ravonlik holatlari yuzasidan 39 343 ta murojaat kelib tushgan. Murojaatlarni o`rganishda 106 ta jinsiy, 234 ta iqtisodiy, 18 777 ta ruhiy, 13 658 ta jismoniy zo`ravonlik hamda 7 174 ta tazyiq holatlar aniqlangan. Tahlillar shuni ko`rsatmoqdaki, xotin-qizlarga nisbatan qayd etilgan zo`ravonlik holatlarining 34 330 tasi yoki 87 foizi oilada sodir etilgan.

ZO`RAVONLAR KIMLAR?

2021 yilgi ko`rsatkichlarga ko`ra, O`zbekistonda zo`ravonlikka uchragan ayollar soni Toshkent, Samarqand, Farg`ona viloyatlari va Toshkent shahrida yuqoriligini ko`rsatgan. Jumladan, poytaxtda bu borada vaziyat anchayin og`ir. Xo`sh, ayollarga zo`ravonlik qilayotganlar kimlar?

Akbarali TURABOV, Toshkent shahar sudi raisi o`rinbosari – jinoyat ishlari bo`yicha sudlov hay`ati raisi:

— 2022 yilning 1 yanvaridan 31 martiga qadar Toshkent shahar sudi tomonidan ayollarga nisbatan zo`ravonlik va tazyiq o`tkazish bilan bog`liq jami 123 nafar shaxsga nisbatan 96 ta ish ko`rilgan. Shundan 85 nafar shaxsga nisbatan 61 ta ayblov hukmi chiqarilgan. Ayollarga nisbatan jinoyat sodir qilganlarning 34 nafariga ozodlikdan maxrum qilish, 47 nafariga boshqa jazo, 2 nafariga shartli jazo tayinlangan. 33 nafar shaxsga nisbatan 33 ta ish yarashuvga asosan tugatilgan. Shuningdek, 43 ta xususiy ajrim chiqarilgan. Zo`ravonlik va tazyiq o`tkazilganidan jabrlangan ayollar jami 112 nafarni tashkil qiladi. Shundan,

✔ 7 nafari 18 yoshgacha bo`lgan qizlar;

✔ 48 nafari 18-30 yoshgacha bo`lgan ayollar;

✔ 55 nafari 31-60 yoshgacha bo`lgan ayollar;

✔ 2 nafari 60 yosh va undan yuqori bo`lgan ayollar;

✔ 78 nafari ishsiz ayollar.

Nega fuqarolar borgan sari ko`cha-qo`yda ochiq-oydin bir-birini “samosud” qiladigan bo`lib ketdi? O`zgalarga nisbatan zo`ravonlik qilishning javobgarligi borligini bilishadimi yoki bundan bexabarmi?

“SAMOSUD” — NIMA? JAZOSI QANDAY?

“Samosud” bu o`zboshimchalik bilan sud qilish va jazolashdir. Bu turdagi zo`ravonlik uchun qonunchiligimizda javobgarlik mavjud. 

* Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi kodeksning 200-moddasiga muvofiq, o`zboshimchalik, ya`ni o`zining haqiqiy yoki nazarda tutilgan huquqini fuqarolarning huquqlariga yoki qonun bilan muhofaza etiladigan manfaatlariga, davlat manfaatlari yoki jamoat manfaatlariga jiddiy zarar yoki ziyon keltirmagan holda o`zboshimchalik bilan amalga oshirsa, fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining uchdan bir qismidan bir baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa-bir baravaridan uch baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo`ladi.

* Jinoyat kodeksining 229-moddasiga ko`ra, o`zboshimchalik, fuqarolarning huquqlari yoki qonun bilan qo`riqlanadigan manfaatlariga yoxud davlat yoki jamoat manfaatlariga ko`p miqdorda zarar yoki jiddiy ziyon etkazilishiga sabab bo`lsa, bazaviy hisoblash miqdorining ellik baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yuz soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud ikki yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanishiga sabab bo`ladi.

* Jinoyat kodeksining 103-moddasiga ko`ra, shaxsni qo`rqitish, unga rahmsiz muomala qilish yoki uning sha`ni va qadr-qimmatini muttasil ravishda kamsitish natijasida uni o`zini o`zi o`ldirish darajasiga yoki o`zini o`zi o`ldirishiga suiqasd qilish darajasiga etkazish, uch yildan etti yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

QANDAY EChIM TOPISh MUMKIN?

Aniqlangan holatlar, jabrdiydalar soni va aybdorlarga berilgan jazolar bo`yicha barchasi tushunarli. Biroq nega zo`ravonlik holatlari borgan sari ko`paymoqda? Bu masalaga qanday echim topish mumkin?

Ruslanbek DAVLETOV, Adliya vaziri:

— Bizning jamiyatda samosud holatlari huquqning ongga teskari ishlaydigan holatidir. Oxirgi paytlarda bu holatlar oshib bormoqda. Samosud balki o`sha zahoti kimningdir qonga to`lgan ko`zlarini yoki kuzatib turganlarning instinktini va ehtiyojini qondirar, lekin uzoq istiqbolda erkin jamiyat qurishga katta to`siq bo`ladi va odamlarning adolatli va xavfsiz sharoitda yashashga ishonchini so`ndiradi. Shuning uchun, bu boradagi targ`ibot va tashviqotni kuchaytirib, samosud holatlariga qarshi kurashishimiz lozim.

Rasul KUShERBAEV, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati:

— “Samosud” holatlari qonunchiligimiz bo`yicha o`zboshimchalik bilan jazolash sifatida qayd etilib, unga nisbatan aniq javobgarliklar belgilangan. Lekin kelajakda zo`ravonlikning aynan “samosud” holati bo`yicha alohida javobgarlik belgilash kerakdir, balki. Chunki ayni paytda jazo belgilangan, biroq uni yanada kuchaytirish lozim. Lekin shu o`rinda bir narsani unutmaslik kerakki, jamiyatning o`zida qonunlar asosida yashashga intilish kuchaymasa, jazoni har qancha og`irlashtirsangiz ham foydasi yo`q. Ya`ni har bir fuqaro qilinayotgan harakatlar uchun javobgarlik belgilanganini, avvalo, o`zlari his etishlari va mas`uliyatli bo`lishlari lozim. Afsuski, qonunbuzarlar orasida oddiy fuqarolargina emas, mansabdorlar ham bor. Zo`ravonlik va “samosud” holatlarining ko`pligiga ham fuqarolarning qonunga itoat etmasligi sababchidir. 

MA`LUMOT UChUN:

Zo`ravonliklardan jabr ko`rgan fuqarolarga huquqiy yordam ko`rsatish maqsadida IIV JXD Huquqbuzarliklar profilaktikasi xizmati qoshida “Ishonch markazi” tashkil etilib, 2022 yil 10 yanvar kunidan markazda “12-59” va “12-86” qisqa raqamlari orqali tun-u kun uzluksiz xabarlarni qabul qilish tizimi yo`lga qo`yildi. 

Farida EGAMBERDIEVA

    Boshqa yangiliklar