Mart oyida 15 kun konsert dasturini taqdim etgan Yulduz Usmonova 2 oy o`tib yana muxlislarini muhtasham saroyga chorlayapti. Bir yilda ikki marta va orasi ikki oylik farq bilan konsert taqdim etish... Bunga sabab nima va nima hojat tug`ildi. Xonandaning ma`lum qilishicha, bu gal faqat retro taronalar ixro etiladi. Usmonova ayni kunlarda 40 yillik qo`shiqlaridan iborat musiqiy guldastasini muxlislarga havola etish uchun ertayu kech tayyorgarlik bilan band. "darakchi.uz" Primadonnaning "repitisiya" maydoniga tashrif buyurdi va ayrim savollarga javob oldi.
— Nega aynan retro taronalaringizdan tashkil topgan konsert berish fikriga keldingiz?
— Har konsertda eski qo`shiqlarni so`rashadi. Chunki hammamiz yoshlikni sog`inamiz. Retro taronalar qalblarimizni o`sha davrga qaytaradi. Har bir insonning o`zini yashagan zamondoshi, zamoni va o`z qo`shiqlari bo`ladi, axir. 40 yildan buyon sahnada bo`lsam, o`sha paytda tug`ilgan chaqaloqlar bugun 40 yoshga to`lgan. Bu kichkina davr emas. Hamma o`zining davrini qo`msaydi, hamma o`tgan umrini eslaydi, bu qo`shiqlarda xotira, butun boshli taqdirlar bor.
Misol uchun, "Seni osmonimga olib ketaman", "Ikki daraxt" kabi qo`shiqlar qancha juftliklarni yarashtirgan.
Menga bir voqeani aytib berishgan edi. Bir ayol eri bilan ajrashgandan keyin og`ir kasal bo`lib qolibdi. Tanishlari eriga xotiningning ahvoli og`ir, borib xabar olib kel, deb aytishadi. "Seni osmonimga olib ketaman" qo`shig`ini eshitgandan keyin shifoxonaga xotinini ko`rgani boribdi. Shundan keyin ayol ham sog`ayib ketgan, oila ham tiklangan. Bu ham bir mo``jiza.
Shaxsan o`zim ota-onalar haqida qo`shiqlarimni sog`inib kuylayman. Ota-onasi bor odam buni his qilolmas, lekin shaxsan men u taronalarni haligacha ko`zda yosh bilan ijro qilaman.
— Bo`lishi kutilayotgan retro konsertingizni muxlislar qanday qabul qilishadi, deb o`ylaysiz?
—Yangi konsertdan ko`ra, bu konsertga talab ko`proq bo`lyapti. Faqat kattalar kelsa kerak desam, yo`q, yoshlar kelishyapti.
G`ururlanib aytamanki, estradamizning quruvchisi men bo`lganman. Oldin jaz yo`nalishida bo`lardi, lekin estradamiz fundamentni men qurganman. Shuning uchun ham qo`shiqlarimiz hamon sevib tinglanadi.
— Konsertga tayyorgarlik jarayoni haqida gapirib o`tsangiz...
—Musiqa, saundlar ustida yangidan ishlanyapti, aytilish yo`li o`sha bo`lsa ham saundlar, ritmlar juda muhim. Gollandiyalik orkestr bilan ishlash oson emas, bir on Gollandiyaga qaytgandek ham bo`ldim. Oliy darajada chalishyapti.
2000 mingta qo`shiqdan 30 taginasini saralab olganmiz, popuri qilib aytganlarimiz ham bor. Bundan keyin yana talablar bo`ladigan bo`lsa, ana shunday konsert beraveramiz.
— Yulduz Usmonova qachon dam oladi?
— Dam olaman. Lekin bu qo`shiq aytmayman degani emas. 2 ta yangi qo`shiq yozib turaman, viloyatlarda konsertlar bo`ladi, to`ylarga chaqirishadi.
“Xalqlar do`stligi”da berilgan konsert boshqa, qo`shiq aytish muammo emas, tayyorgarligi, jarayonni o`zi muammo. Men uxlab dam olmayman. Nabiralarim bilan o`ynasam, ularga o`zim ovqat pishirib bersam, uyimni o`zim tozalasam... Mana shular men uchun dam.
Abdukarim ZARIPOV,
Pokiza IDRISXON tayorladi