1

Ruhlarning tungi tashrifi

Mutolaa 30.06.2016, 11:54
Ruhlarning tungi tashrifi

Mo``jiza va sir-sinoatlarga to`la bu dunyo ba`zida bizni o`yga toldirsa, ayrim paytlarda yoqa ushlashga ham majbur qiladi. Chindanda bu olamning hali biz bilmagan ajoyibotlar ko`p. Ularga har birimiz ham duch kelganmiz. Buxoro viloyatidan xat yo`llagan Munojot Xoliqova ham ana shunday voqealarga guvoh bo`lganlardan...

— Biz bolalikdan buvimning bir-biridan qiziq hikoyalarini, ertaklarini tinglab katta bo`lganmiz. Albatta, ertaklari chegaralargan bo`lar, chunki buvimning bisotidagi borini ham eshitib bo`lgandik.

—  “Guliqahqah”ni aytib beraymi? — deb qolardilar buvim. — Yo “Kenja botir” yaxshimi?

—  Ularni eshitganmiz. Boshqasini ayting, — derdik bir chug`urlab. 

—   Sizlar bilmagan ertak qolmadi-da! — o`yga cho`mardi buvim. 

—   Biror narsa aytib bering, ertak bo`lmasa ham mayli, — derdik ancha ulg`ayib qolganimiz uchun hayotiy voqealarni xush ko`rib.

—  Nima aytib bersam ekan? — xotiralarini kavlashtirardi nazarimizda buvim. So`ng sal o`tmay tilga kirardi. — Bilib qo`yishlaring kerak. Bu dunyo yolg`onchi dunyo. Chin dunyo ham bor. U erga vafot etganimizdan keyin boramiz. Kimning ajali etsa, o`lim chog`ida ketgan yaqin qarindoshlari hamrohlik qilgani kelarmish. Bunga hayotim davomida ko`p bor guvoh bo`ldim. Bobong rahmatli rais edi. Kuni kun, tunni tun demay ishlab yurardi. Otda tongdan chiqib ketib, qosh qorayganda ham kirib kelmas, ba`zida paxta dalalarini aylanib yarim tunda qaytardi. Bir kuni juda kech qolib ketdi. Kutib o`tirgan erimda ko`zim ilinibdi. Bir daqiqaga, ikki daqiqaga ko`zim ketganmi bilmayman, shu qisqa vaqt ichida olam jahon tush ko`ribman. Tushimda qaynotam kelganmish. Men dasturxon yozibman, non qo`yibman. Ovqatga unnabman. Qaynotam esa vazminlik bilan “Hech narsa kerakmas, qornim to`q. Bu noz-ne`matlarni olib qo`ying. Hali sizga kerak bo`ladi”, — deganmish. Keyin o`g`lini  — bobonglarni so`rabdi. Sen ishdaligini aytibman. Shunda qaynonam boshini xam qilgancha, aybdorona debdi:

—   Uni olib ketmasam bo`lmaydi. Bilaman, u bu erda ko`proq kerak. Bolalar hali mayda. Lekin olib ketishim kerak.

Men indamabman. Qarang, shunchalik itoatgo`yligimdan “Unday qilmang”, deya olmabman. Shu bilan cho`chib uyg`ondim. Ko`rgan tushim yaxshi emasligini bilardim. Shunga hali ham bobonglarning kelmaganini ko`rib, xavotirim oshdi. Endi ko`cha tomon qadam tashlagan edim hamki, ot tuyog`ining tovushi eshitildi. Qarasam, charchoqdanmi, uyqudanmi shalvirabgina bobong kelyapti. Ochig`i, sog`-omonlini ko`rib xursand bo`ldim. Darrov ovqat isitdim, choy olib keldim. Bobong kosaga qoshiqni botirgancha, o`ychan o`tiraverdi. 

—  Mazangiz yo`qmi, oling, — dedim.

—   Senga bir gapni aytishim kerak, — dedi bobong. — Hozir yo`limda otamni ko`rdim. Ko`zimga ko`rindimi, ot ustida uxlab ko`rdimmi, bilmayman. Ammo meni imladi. Ortidan etib olishimni aytdi.Agar menga nimadir bo`lsa, o`zingni yo`qotib qo`yma. Bolalarga suyan. Ular ham katta bo`lib qolishdi. 

Tilim tanglayimga yopishib qoldi. O`zimning tushimdan qanchalik esim og`ib o`tirgan bo`lsam, bu gapni eshitib, undan ikki hissa o`zimni yo`qotdim. 

—  Tushga nimalar kirmaydi... — bobongni ham, o`zimni ham ovutgan bo`ldim.

Afsuski, o`sha tong soppa-sog` yurgan bobong uyqudan ko`z ochmadi. Shundan bilamanki, ruhlar bizdan xabardor, bizning yonimizda. Ularning haqiga duo o`qib turish kerak...

Buvimning bu hikoyasini bir marta eshitmaganmiz. Ko`p bor aytib bergan. Buni qarangki, buvimning o`limi ham shu aytib bergan voqealari kabi g`aroyib bo`ldi.

Saksondan oshgan buvim farishtali, tetikkina edi. Men bir bolamni etaklab ko`rgani kelgandim. Kechasi ham buvimning yonida yotdim. Yarim tunda uyg`onib ketdim. Qarasam, buvim yo`q. Qorong`ida turtib yurmasin, deya yugurib chiqdim. Buvim hovlida ko`rinmadi. Yaxshiyam, oy bor, kecha oydin. Atrofga alangladim. Yo`q. Shu payt darvozaxona tomondan sharpa sezdim. Buvim ko`cha tomondan kelardi. 

—  Nima qilib yuribsiz, buvi? Uyqungiz qochdimi? — dedim peshvoz chiqib. 

Buvimning chehrasida mamnunlik bor edi. 

—  Ishonmaysan, bobong chaqirganday bo`ldi. Chiqsam, darvoza yonidagi tutning yonida jilmayib turibdi. O`sha-o`sha yosh. Meni qara, saksonga kirdim. Buvisiga o`xshab qolibman yonida...

—  Har xil gapni gapirmang, — dedim.

—  Rost, — dedi buvim. — Erinmasang, menga suv isitib ber. Tahajjud namozini o`qiy. Hali bomdodga bor. Bekor o`tirmay...

Buvimning aytganini qildim. Buvim tahorat olib, namoz o`qishga kirishdi. Men esa o`rnimga cho`zildim. Tongda u kishini joynamoz ustida, sajda qilgan holda jon berganini ko`rdik. Halol, parilarga teng buvim ana shunday bizni tashlab ketdi. Ularning hikoyalari, aytganlari hamon qulog`im tagida bir mo``jizadek jaranglaydi...

KAMINA oqqa ko`chirdi

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1