Avval xabar qilganimizdek, bugun, 19 may kuni “Hilton Tashkent City” mehmonxonasida Shanxay hamkorlik tashkilotiga a`zo davlatlarning turizm sohalari vakillari ishtirokida yig`ilish bo`lib o`tdi. Shuningdek, O`zbekiston tomoni raisligida Shanxay hamkorlik tashkilotiga a`zo davlatlar madaniyat vazirlarining XIX yig`ilishi ham bo`lib o`tdi, deya xabar bermoqda "darakchi.uz" muxbiri.
Unda Hindiston Respublikasi Davlat madaniyat vaziri Arjun Ram Megval, Qozog`iston Respublikasi madaniyat va sport vaziri Abaev Dauren Askarbekovich, Xitoy Xalq Respublikasi madaniyat va turizm vaziri o`rinbosari Jao Syuan, Qirg`iziston Respublikasi madaniyat, axborot, sport va yoshlar siyosati vaziri Jamankulov Azamat Kaparovich, Pokiston Islom Respublikasi Federal ta`lim, kasbiy tayyorgarlik, milliy meros va madaniyat vazirligining qo`shma kotibi Sajjad Axmed, Rossiya Federasiyasi madaniyat vaziri Lyubimova Olga Borisovna, Tojikiston Respublikasi madaniyat vaziri Davlatzoda Zulfiya Davlat, O`zbekiston Respublikasi madaniyat vaziri Nazarbekov Ozodbek Axmadovich va ShHT Bosh kotibi Chjan Min ishtirok etdi.

A`zo davlatlar pandemiya sharoitida aholini qo`llab-quvvatlashda madaniyatning roli va uning ijobiy ta`sirini ta`kidladilar. Tomonlar xalqlar o`rtasidagi o`zaro tushunishni mustahkamlash, madaniyatlar xilma-xilligini saqlab qolish va ShHTga a`zo davlatlar xalqlarining madaniyati, urf-odatlari va an`analari haqidagi bilimlarni kengaytirish maqsadida kino, teatr, kutubxona va muzey sohasida qo`shma loyihalarni ishlab chiqishdan manfaatdor ekanliklarini qayd etdilar.
Tomonlar qo`shma madaniy tadbirlarni amalga oshirish muhimligini tasdiqladilar va kuzatuvchi davlatlar hamda ShHTning madaniyat va san`at sohasida muloqot bo`yicha sheriklari bilan ikki tomonlama va ko`p tomonlama asosda hamkorlik mexanizmlarini yanada takomillashtirish zarurligini ta`kidladilar.
Tomonlar 19-20 may kunlari Toshkentda bo`lib o`tgan ShHTga a`zo davlatlar turizm ma`muriyatlari rahbarlari uchrashuvida Varanasi shahri (Hindiston Respublikasi) nomzodini “ShHT davlatlarining sayyohlik va madaniy poytaxti” maqomiga tasdiqlash to`g`risida qabul qilingan qarorni olqishladilar.
Shuningdek, ShHTga a`zo davlatlar vakolatli organlari o`rtasida muzey ishi sohasida hamkorlik to`g`risida memorandum loyihasi ma`qullandi.
ShHTga a`zo davlatlar madaniyat vazirlarining yigirmanchi yig`ilishini 2023 yilda Hindiston Respublikasida o`tkazish bo`yicha kelishuvga erishildi. Uchrashuvning aniq sanasi va joyi ShHT Kotibiyati orqali diplomatik kanallar orqali kelishib olinadi.






