Uchko`prik va Yuqorichirchiq tumanlarida tabiiy gaz tarmog`iga noqonuniy ulanish holatlari aniqlandi. Bu haqda Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti ma`lum qildi.
Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Uchko`prik tuman bo`limi tomonidan o`tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda, fuqaro S.U. O`zbekiston tumani Mingtut MFY hududida ohak ishlab chiqarishga ixtisoslashtirilgan yashirin sex tashkil qilib, tabiiy gaz tarmog`iga o`zboshimchalik bilan ulanib, faoliyat ko`rsatib kelganligi natijasida davlat va jamiyat manfaatlariga 650,8 mln so`m zarar etkazganligi aniqlangan.
Shuningdek, Yuqorichirchiq tuman bo`limi tomonidan o`tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda, fuqaro K.T. o`ziga tegishli bo`lgan noturar binoda tashkil qilingan “issiqxona”ni tabiiy gaz tarmog`iga o`zboshimchalik bilan ulab, tabiiy gazdan noqonuniy foydalanganligi oqibatida davlat va jamiyat manfaatlariga 74,7 mln so`m zarar etkazilganligi aniqlangan.
Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo`zg`atilib, tergov harakatlari o`tkazilmoqda.






