Biroz avval ijtimoiy tarmoqlarda Human.uz xodimining xizmat telefoni IIB xodimi tomonidan kuch ishlatish yo`li bilan olib qo`yilganligi haqida xabar tarqaldi. Xabarda:
"Bugun 13 iyul soat 9:50 da Andijon shahar "Yangi bozor" savdo majmuasida Ilyos ismli Andijon IIB xodimi tomonidan shakar savdosini suratga olayotgan Human.uz xodimining (shtatda ishlaydi) xizmat telefoni videoga olish qonunga zid degan iddao bilan kuch ishlatish yo`li bilan tortib olingan. Bir qancha urinishlardan so`ng ham smartfon qaytarib berilmayapti. Yagona sharti – kuch ishlatish yo`li bilan olingan va IIB xodimining kuch ishlatgani hamda telefonni tortib olgani suratga olingan videoni o`chirib yuborish ekan.
O`ta tezkor munosabat, telefonni hech qanday kavlashlarsiz qaytib berishlarini kutib qolamiz!
O`z xizmat vazifalarini va qonunni bilmaydigan IIB xodimi shunchaki qutulib ketadimi yoki ishdan bo`shaydimi, vaziyatni kuzatamiz", deyiladi.
Bu holatga IIV Axborot xizmati rahbari Sh.G`iyosov quyidagicha izoh berdi:
Bugun soat 09.50 lar atrofida Andijon shahar "Yangi bozor" savdo majmuasida odamlarga navbat bilan arzonlashtirilgan shakar sotish jarayonida fuqaro J.Abdullaev odamlarning navbatini va o`zaro gap talashayotganliklarini tasvirga olish vaqtida fuqarolar tomonidan ularning yuzlarini tasvirga olishiga e`tiroz bildirilib, huquqlarini poymol qilmasdan tasvirni o`chirib tashlash talab qilingan.
Jamoat tartibini buzilishini oldini olish maqsadida bozor hududiga biriktirilgan ichki ishlar organlari xodimi tomonidan fuqaro J.Abdullaevga fuqarolarning roziligisiz ularni tasvirga olmaslik tushuntirilgan.
Hozirda shakarga navbatda turgan fuqarolar va J.Abdullaev o`rtasidagi ziddiyatga oydinlik kiritish maqsadida voqea ishtirokchilari IIBga olib borilgan.






