Qozog`iston Respublikasining Jambul oblasti Jambul rayonida O`zbekiston fuqarolari bo`lgan avtobus YTHga uchradi. Bu haqda FVV matbuot xizmati xabar qildi.
Ma`lum qilinishicha, 2022 yil 15 iyun kuni soat 06:45 da Qozog`iston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligidan olingan ma`lumotga ko`ra, bugun, 15 iyun kuni Qozog`iston vaqti bilan soat 03:10 da Jambul oblasti Jambul rayonidan o`tuvchi “Almata-Toshkent” avtomobil yo`lining 545 km. da Qozog`iston Respublikasi “Qizil tan” qishlog`idan 7 km uzoqlikda trikotaj mahsulotlari ortilgan yuk mashinasining yonishi oqibatida, avtomobil yo`lida tirbandlik yuzaga kelganligi natijasida soat 03:40 larda “Almata-Toshkent” yo`nalishida harakatlanayotgan yuk mashinasi 2 ta yo`lovchi tashish avtobusi va 1 ta engil avtomobil bilan to`qnashuv sodir etgan. To`qnashuv oqibatida ushbu avtotransport vositalarida yong`in kelib chiqqan.
Yong`in sodir bo`lgan avtobuslarning birida 31 nafar O`zbekiston Respublikasi fuqarolari bo`lgan va ulardan 3 nafari o`rta darajada tan jarohati bilan Taraz shahar tibbiyot maskaniga olib borilgan. Hozirda ushbu fuqarolarga malakali tibbiy yordam ko`rsatilmoqda.
Shuni alohida ta`kidlash joizki, Do`st Qozog`iston mas`ullari yuzaga kelgan mazkur baxtsiz hodisa oqibatlarini zudlik bilan bartaraf etish, jarohatlanganlarga tez tibbiy yordam ko`rsatishda yaqindan ko`mak berishmoqda.
Holat yuzasidan Qozog`iston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi bilan ma`lumot almashinuvi davom etmoqda.