AsosiyJamiyat

Prezident boshchiligida aholini kasb-hunarga o`qitish va monomarkazlar faoliyatini takomillashtirish yuzasidan o`tkazilayotgan yig`ilish tanqidiy ruhda boshlandi

'Prezident boshchiligida aholini kasb-hunarga o`qitish va monomarkazlar faoliyatini takomillashtirish yuzasidan o`tkazilayotgan yig`ilish tanqidiy ruhda boshlandi'ning rasmi

Prezident Shavkat Mirziyoev raisligida aholini kasb-hunarga o`qitish va monomarkazlar faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari yuzasidan videoselektor yig`ilishi boshlandi.

“Hozirgi kunda to`qimachilik, konchilik, elektrotexnika, kimyo va boshqa sanoat tarmoqlarida, qishloq xo`jaligi, xizmatlar va servis, qurilish, tadbirkorlik sohalarida katta-katta o`zgarishlar qilyapmiz.

Misol uchun, 2022 yilning o`zida 16 milliard dollarlik 9 mingdan ziyod yirik va o`rta loyihalar ishga tushirilib, ularga 300 mingga yaqin malakali ishchilarni jalb qildik.

Kambag`allikni 2 baravarga qisqartirish bo`yicha marralarga ham odamlarga faqat va faqat zamonaviy kasblar berish orqali erisha olamiz”, - dedi davlatimiz rahbari yig`ilish avvalida.

So`nggi 3 yilda “Ishga marhamat” monomarkazlari tashkil qilinib, odamlarni kasbga o`rgatish boshlangani, lekin bu tizim 5-10 foiz ishsizlarni qamrab olishi ta`kidlandi.

Bu yil respublika bo`yicha 555 ming nafar yoshlar mehnat bozoriga kirib keladi.

Ularni zamonaviy kasblarga o`rgatish, munosib ish bilan ta`minlash masalalari barcha darajadagi hokimlar, oliygoh rektorlari, kollej va texnikum direktorlarini ham o`ylantirishi kerakligi ko`rsatib o`tildi.

Yig`ilishda 330 ta kasb-hunar maktabi, 173 ta kollej va 207 ta texnikumdan iborat tizim samarali ishlatilmayotgani qayd etildi. Ular mavjud quvvatlarining atigi 40-50 foizidan foydalanmoqda.

Energetika, Suv xo`jaligi, Uy-joy kommunal vazirliklariga berilgan kollejlar 20 foiz, Qurilish, Transport vazirliklari kollejlari 10 foiz quvvatda ishlayapti.

Joriy yilda kollej va texnikumlarning 15 mingga yaqin o`quvchilari kontrakt pulini to`lash imkoniyati yo`qligi bois, o`qishni davom ettira olmagan.

Eng muhimi, kollej va texnikumlardagi kasblar ish beruvchilar talabiga mos emas. Oqibatda ular ishga olgan yoshlarni qaytadan o`qitishga majbur bo`lmoqda.

O`quv dasturlari zamon talablaridan ancha orqada, 1 ming 350 nomdagi kasbiy darslik va adabiyotlar etishmaydi.

Bu muammolar echimi bilan shug`ullanadigan mutasaddi vazirliklar tizimli ishlamayotgani tanqid qilindi.

Shu bois kasb-hunar ta`limini zamon talablariga moslashtirish bo`yicha yangi tizim joriy qilinishi belgilandi.

Yangi tizimga ko`ra, 45 ta kollej Bandlik vazirligi tizimiga o`tkazilib, ularning o`rnida monomarkazlar tashkil etiladi.

Oliy ta`lim vazirligi barcha kasb-hunar maktablari va texnikumlarni boshqarish hamda metodik ta`minlashga mas`ul bo`ladi.

Vazirlikda alohida vazir o`rinbosari lavozimi joriy etilib, departament tashkil qilindi. Bu lavozimga etarli tajribaga ega bo`lgan, Buxoro shahar monomarkaz rahbari Sadoqat Siddiqova tayinlandi.

“Bugungi kunda oliy ta`lim tizimidagi katta islohotlar o`z natijasini berishni boshladi. Joriy yilda 36 ta oliygohga akademik va moliyaviy mustaqillik berildi.

Endi professional ta`lim tizimini tubdan isloh qilish – oliy ta`lim vaziri, uning o`rinbosarlari, rektorlarning eng ustuvor vazifasi bo`lishi kerak. Bu juda muhim vazifa, tizimli ish tashkil etilmasa, odamlar rozi bo`lmaydi”, - dedi Prezident.

Buning uchun Professional ta`limni rivojlantirish jamg`armasi tashkil etilib, unga 50 mlrd. so`m yo`naltiriladi.

Viloyat, tuman va shaharlarda Kasb-hunar ta`limi kengashlari tashkil etiladi.

    Boshqa yangiliklar