So`nggi haftaning eng shov-shuvli voqeasi bu shakar narxining "osmonga chiqib ketgani" bo`ldi, desak mubolag`a bo`lmaydi. Bu borada darakchi.uz'ga ham respublikaning turli hududlaridan savol, taklif va murojaatlar bo`ldi. Albatta, biz ham mas`ullardan jo`yali javob olish maqsadida bir nechta tashkilotlar bilan bog`lanib, vaziyatdan aholini xabardor qilib turdik.
Yangi hafta boshidan shakarning narxida biroz pastlash kuzatildi, ammo sezilarli darajada emas. Xo`sh, o`zi shakar narxi nega qimmatlagandi? U yana arzonlashadimi? Ayni paytda shu masala yuzasidan Angren shakar zavodiga jurnalistlar uchun press-tur tashkillashtirilgan bo`lib, u erda bo`lib turgan muxbirimiz Sardorbek Rahmonqulov mas`ullardan yuqoridagi savollarga javob oldi. Savollarga tovar xomashyo birjasi vakili javob bergan:
- Birjadagi arzonlashuvni bizning iste`molchilarimiz qachon sezishadi?
- 5-7 kunlarda sezishlari mumkin.
- Buyog`i mavsum bo`lsa... Qolaversa, tadbirkorlar bir narxni ko`tarib olishsa, tushirish ehtimoli bormikan?
- Shakar narxi birjada yana tushmoqda. Bozorda taklif ko`paysa, narxlar tushishga majbur. Kechagi birja savdolarida 300 dan ortiq ishtirokchi shakar sotib olishgan. Ularning kelishib olib bir narx belgilashlari kichik ehtimol.
Muxbirning bizga ma`lum qilishicha, kechadan birjada shakar narxi tushgan.
Kutamiz, kuzatamiz...






