Surxondaryoda ichimlik suvidan noqonuniy foydalanganlar ma`muriy javobgarlikka tortildi. Bu haqda “Surxondaryo suv ta`minoti” MChJ axborot xizmati xabar berdi.
Ma`lum qilinishicha, Uy-joy kommunal xizmat ko`rsatish vazirligi huzuridagi Ichimlik suvidan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasi hamda “Surxondaryo suv ta`minoti” MChJ hamkorlikda viloyatda ichimlik suvidan belgilangan qoidalar asosida foydalanishni nazorat qilish, aniqlangan noqonuniy holatlarni bartaraf etish bo`yicha tashkil etilgan ishchi guruhi Boysun tumanida reyd tadbirlarini o`tkazgan.
Shu kunga qadar iste`molchilar tomonidan Xo`jamayxona—Boysun markaziy ichimlik suvi tarmog`iga noqonuniy ulanish holatlarining 30 tasi “Darband” va 3 tasi “Hunarmadlar” MFYda aniqlangan. Keltirilgan zarar miqdori 368,7 million so`mdan ortiq bo`lib, qayta tarmoqqa ulanish xarajatlari 22,2 million so`m — jami zarar 390,9 million so`mni tashkil etmoqda.
Hozirda huquqbuzarlarga nisbatan Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi kodeksga asosan ma`muriy bayonnomalar rasmiylashtirilgan va tarmoqdan uzib qo`yilgan.






