AsosiyJamiyat

Prezident taklifi: “O`zbekistonda o`lim jazosi taqiqlanadi”

'Prezident taklifi: “O`zbekistonda o`lim jazosi taqiqlanadi”'ning rasmi

Avval xabar qilganimizdek, Prezident Shavkat Mirziyoev va Konstitusiyaviy komissiya a`zolari uchrashuvida keltirilishicha, bugungi kun holatiga ko`ra, Komissiyaga fuqarolarimizdan 48 ming 492 ta takliflar kelib tushgan. 

Birinchi yo`nalish sifatida inson, uning hayoti, erkinligi, qadr-qimmati, daxlsiz huquqlari va manfaatlari masalasi ilgari surildi, deya xabar bermoqda yig`ilishdan Sardorbek Rahmonqulov.

Muqaddas dinimizda ham, buyuk allomalarimiz boy ilmiy va ma`naviy merosida ham, inson – hayot gavhari, tengsiz mo``jiza sifatida ulug`lanadi. Muqaddas Qur`oni karimda Alloh insonni barcha mavjudotlar ichida eng aziz va mukarram qilib yaratgani ta`kidlangan. 

Inson – davlat va jamiyat uchun maqsadga erishish vositasi emas, aksincha, ana shu maqsadning bosh mazmuni va manbai hamda, eng oliy qadriyat bo`lishi lozimligini ta`kidlagan Shavkat Mirziyoev:

“Biz barpo etayotgan Yangi O`zbekiston uchun “Inson qadri va xalq manfaati, hamma narsadan ustundir!” Shu bois, inson qadrini yuksaltirish haqiqatda davlat hokimiyati organlarining konstitusiyaviy burchi va ustuvor vazifasi bo`lmog`i shart.

Yangilanayotgan Konstitusiyamizda ushbu tamoyillar aniq ifoda etilishi, o`zining mukammal huquqiy echimini topishi zarur. 

Tarixiy tajriba shuni ko`rsatadiki, insonning qadr-qimmati avvalo uning tabiiy yashash huquqida namoyon bo`ladi. Bu – eng ulug` va muqaddas qadriyatlarimizdan biridir.

Ma`lumki, biz o`lim jazosi tayinlanadigan jinoyatlar sonini bosqichma-bosqich kamaytirib, bu jazoni to`liq bekor qildik. 

Shunga qaramay, ayrim fuqarolar tomonidan o`lim jazosini tiklash, uni jinoyat qonunchiligiga qayta kiritish haqida takliflar ham ilgari surilmoqda. 

Vaholanki, demokratik va insonparvar g`oyalarni oliy qadriyat darajasiga ko`targan dunyodagi aksariyat davlatlarda o`lim jazosi bekor qilingan. Chunki yashash huquqi – har bir insonning tabiiy huquqi bo`lib, unga bu huquqni davlat emas, Yaratganning o`zi ato etgan. 

Agar sizlar qo`llab-quvvatlasangiz, Konstitusiyamizga “O`zbekistonda o`lim jazosi taqiqlanadi”, degan yana bir muhim normani kiritishni taklif qilaman”, - deya shu tariqa, o`ta jiddiy masalada hech qachon ortga qaytmasligimizni, insonparvarlik g`oyalariga sodiq ekanimizni butun dunyoga yaqqol namoyon qilishimizni eslatib o`tdi.

    Boshqa yangiliklar