AsosiyJamiyat

"O`ta tahlikali zamonda yashayapmiz"

'"O`ta tahlikali zamonda yashayapmiz"'ning rasmi

Avval xabar berganimizdek, ayni vaqtda O`zbekiston prezidentining Konstitusiyaviy komissiya a`zolari bilan uchrashuvi bo`lib o`tmoqda.

O`tkazilayotgan mazkur yig`ilishda davlat rahbari o`zbek xalqiga murojaat yo`lladi:

“Aziz yurtdoshlar, bugun notinch dunyoda, o`ta tahlikali zamonda yashayapmiz. Mamlakatimiz taraqqiyotida g`oyat mas`uliyatli davrni boshdan kechirmoqdamiz",-deydi u so`zi avvalida.

"Yangi O`zbekistonni barpo etish maqsadida boshlagan barcha islohotlarimiz har birimizning bugun va kelajakda farovon hayot kechirishimizni ta`minlashga qaratilgan. Har bir yurtdoshimiz o`z hayoti, erkinligi, qadr-qimmati, sha`ni va g`ururini ulug`lab, Vatani va xalqiga tog`dek tayanch bo`lib yashashga qodir, erkin va azmu shijoatli insonlardir",-deydi Mirziyoev.  

Prezident shu bois barcha Konstitusiyaga kiritish taklif etilayotgan yangi norma va qoidalarni ongu tafakkur, qalbidan o`tkazib, ularga xolis va haqqoniy munosabatini bildirishi lozimligini aytadi.

"Barchamiz Asosiy qonunimizda o`zimizni, oilamizni, mahallamizning orzu-umidlarini ko`rishga intilayotganimiz – bu tabiiy va mutlaqo to`g`ri",-deydi O`zbekiston rahbari.

Prezident fikricha, Konstitusiyaga kiritiladigan barcha tuzatish va qo`shimchalar mamlakatning 14 ta hududiy birligidan iborat yagona davlatni, millati va elatidan qat`i nazar, yagona va qudratli O`zbekiston xalqini yanada jipslashtiradi hamda ulug`vor maqsadlar sari safarbar etadi.  

"Shu bois barcha aziz vatandoshlarimizni konstitusiyaviy islohot jarayonida yanada faol qatnashishga chaqiraman. Hech qachon unutmaylik, bu jarayondagi ishtirokimiz bilan o`zimiz, oilamiz, farzandlarimiz mana shu muqaddas zaminda yanada erkin va farovon yashashi uchun mustahkam poydevor yaratamiz.  

Qadrli vatandoshlarim!

Sizlarni ishontirib aytmoqchiman, davlatimiz yangilanayotgan Konstitusiyamiz moddalarini hayotda to`la qaror toptirish uchun barcha kuch va vositalarni safarbar etadi.  

Bu yangiliklar aniq qonun va kodekslar, amaliy dasturlar va rejalar bilan hayotimizda albatta o`z aksini topadi. Har bir konstitusiyaviy norma ijrosini ta`minlash bo`yicha aniq ijtimoiy, iqtisodiy, siyosiy-huquqiy chora-tadbirlar ko`riladi",-deydi u.

“Biz ishlashga – ishi, yashashga – uyi bo`lgan, fuqarolari tinch va erkin, hayotdan mamnun, dasturxoni to`kin, oilasi baxtiyor va farovon yashaydigan davlat qurishni maqsad qilganmiz.

Biz ana shunday buyuk ishlar arafasida turibmiz. Kuchli iqtisodiyot barpo etib, dunyoda munosib o`rnimizni egallashimiz, xalqimizga yuksak sharoitlar yaratish uchun ham juda ko`p ishlarni birgalikda amalga oshirishimiz kerak.

Betakror yurtimizda barqaror jamiyatni va bardavom taraqqiyotni ta`minlash – barchamizning bosh maqsadimizdir!

Men butun xalqimizni ana shu buyuk maqsadga erishishda o`zaro birdamlikka va hamjihatlikka chaqiraman.

Xalqimiz siyosiy-huquqiy tafakkurining yorqin ifodasi bo`ladigan yangilanayotgan Konstitusiyamizga tayanib, Yangi O`zbekistonni albatta birgalikda barpo etamiz.

Oradan yillar, asrlar o`tadi, lekin g`oyat murakkab sharoitda bunday ulkan islohotlarni amalga oshirishga munosib hissa qo`shgan insonlarni kelgusi avlodlar hech qachon unutmaydi.

Ana shunday buyuk baxt va sharaf barchamizga yor bo`lsin!”,- degan Prezident so`zining yakunida.

    Boshqa yangiliklar