AsosiyJamiyat

Farg`onada jarimani to`lashga imkoniyati bo`lmagan haydovchi o`zini yoqib yuborgani aytilmoqda

'Farg`onada jarimani to`lashga imkoniyati bo`lmagan haydovchi o`zini yoqib yuborgani aytilmoqda'ning rasmi

Farg`ona viloyati Quva tumanida jarimani to`lashga imkoniyati bo`lmagan haydovchi o`zini yoqib yuborgani xabar qilindi. Viloyat Ichki ishlar boshqarmasi axborot xizmati holat yuzasidan munosabat bildirdi.

Keltirilishicha, «GAIning aytishicha, bir qizchaga yo`l bermagani uchun shuncha vahima. Haydovchining aytishicha, ‘Nachalnik GAI’ni quvib o`tgani uchun shuncha vahima» sarlavhali xabar ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan.

Aniqlanishicha, 2022 yil 15 fevral kuni Quva tumani Ichki ishlar boshqarmasi YHXG katta inspektori X.Sh va YPX katta inspektori M.A tumanning G`alaba ko`chasida «Nexia-2» avtomobil haydovchisini yo`lning qatnov qismini kesib o`tayotgan piyoda hamda boshqa transport vositalarining harakatiga rahna solgan holatda harakatlangani uchun ortidan borib to`xtash ishorasi orqali to`xtatgan.

Haydovchi M.T.ga sodir etgan qoidabuzarligi tushuntirilib, tegishli hujjatlarni taqdim etishi so`ralganida u hujjatlarni taqdim etmasdan, ichki ishlar organlari xodimlarining qonuniy talablarini bajarmagan. Shundan so`ng M.T.ga nisbatan yo`l harakati qoidalarini buzganligi yuzasidan elektron bayonnoma rasmiylashtirilib, transport vositasi Quva tumanidagi jarima maydonchasiga olib kirilgan.

Haydovchi M.T. jarima maydonchasi oldida ichki ishlar organlarining qonuniy talablarini bajarmasdan, ularning sha`ni va qadr-qimmatini kamsituvchi harakatlarini sodir etishda davom etgani sabab profilaktika inspektorlari tomonidan Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi kodeksning 183 (Mayda bezorilik) va 194-moddalari (Ichki ishlar organlari xodimining qonuniy talablarini bajarmaslik) tartibida bayonnoma rasmiylashtirilgan.

Bundan tashqari, M.T. (xabarda keltirilganidek) go`yoki, yo`l harakati qoidasini buzganlik uchun tayinlangan jarima qiymatini to`lashga imkoniyati bo`lmaganligidan achchiqlanib, o`z yashash xonadonida ustidan benzin quyib, yoqib yuborib, o`z joniga suiqasd qilgani aytilgan. Lekin aloqador xodimlarning xatti-harakatlari yuzasidan o`tkazilgan xizmat tekshiruvi davomida «Nexia-2» rusumli avtomobil jarima maydoniga asosli joylashtirilgani, tuzilgan ma`muriy bayonnomalar asosli ekanligi keltirib o`tilgan.

O`tkazilgan xizmat tekshiruvi xulosasining nusxasi va to`plangan hujjatlar huquqiy baho berish uchun Quva tumani prokuraturasiga yuborilgan.

    Boshqa yangiliklar