1

“Zangiota"da nima gap?

Jamiyat 26.06.2022, 16:41
“Zangiota"da nima gap?

Statistik raqamlarni tahlil qilsak, O`zbekistonda so`nggi haftada COVID-19'ga chalinish holatlari biroz ortganini ko`rish mumkin. Ijtimoiy tarmoqlarda ham Zangiota kasalxonalarida koronavirusga chalingan bemorlar soni keskin ortgani aytilmoqda..

Xo`sh, bugun u erda vaziyat qanday? Ushbu shifo maskanlarida qancha odam davolanmoqda?

Ma`lum qilinishicha, ayni paytda 4000 o`ringa mo`ljallangan Zangiota 1 va 2-son yuqumli kasalliklar shifoxonasida koronavirus tashxisi qo`yilgan va kasallikka gumonlangan 900 nafarga yaqin bemor davolanmoqda. 93 nafar bemor esa jonlantirish bo`limida davo muolajalarini olyapti.

"Oxirgi haftani inobatga olsak, yurtimizda kasallanishlar soni biroz ortganini ko`rish mumkin", — deydi Zangiota 2-son yuqumli kasalliklar shifoxonasi direktori Doniyor Mirazimov. 

Ta`kidlanishicha, ayni paytda muassasaga kuniga o`rtacha 70-80 nafar bemor murojaat qilib, ularning 25-30 nafari gospitalizasiya qilinyapti.

"Biroq shuni aytish kerakki, kasallanishlar soni oshgan bo`lsa-da, bugun shifoxonaga yotqizilayotgan aksariyat bemorlarda o`pka zararlanishi, saturasiyaning pasayishi kabi jiddiy asoratlar kuzatilayotgani yo`q",-deydi Doniyor Mirazimov.

So`nggi kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda Zangiota kasalxonasida koronavirusga chalingan bemorlar soni keskin ortgani aytilmoqda... Shu rostmi?

"O`tgan yilning shu davri bilan taqqoslasak, bemorlar soni juda past", — deydi Zangiota 1-son yuqumli kasalliklar shifoxonasi direktori o`rinbosari Hilola Alimova.

 Ta`kidlanishicha, ayni paytda muassasaga murojaat qilayotgan va gospitalizasiyaga ko`rsatma bo`lgan bemorlarning barchasi shifoxonaga yotqizilib, ularga zarur tibbiy yordam ko`rsatilmoqda. Markaz etarli darajada tibbiy anjom va dori vositalari bilan ta`minlangan.

Shu o`rinda Hilola Alimova bemorlarga murojaat qilmoqda.

"Iltimos qilib so`rardimki, agar o`zingizda kasallik alomatlarini sezsangiz, Zangiota yuqumli kasalliklar shifoxonasiga emas, avvalo, yashash hududingizdagi oilaviy poliklinika yoki oilaviy shifokor punktiga hamda Sanitariya epidemiologiya osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmatining tuman bo`limlariga murojat qilish maqsadga muvofiq bo`lar edi. Sababi shifoxonamiz koronavirusga test topshiradigan yoki tana haroratini o`lchaydigan muassasa emas. Balki COVID-19ga chalingan va xastalik og`ir hamda o`ta og`ir kechayotgan bemorlar davolanishi uchun mo`ljallangan shifo maskanidir. Shunday ekan, yurtdoshlarimizdan o`zi va yaqinlari  salomatligiga yanada e`tiborli bo`lib, kasallikka qarshi o`z vaqtida to`liq dozalarda emlanishlarini so`raymiz",-deydi Zangiota 1-son yuqumli kasalliklar shifoxonasi direktori o`rinbosari.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1