Yo`lovchilarga temiriyo`l transportida xizmatlar ko`rsatish ko`lamini yanada oshirish maqsadida 2022 yil 8 iyul sanasidan boshlab, haftaning har juma, shanba va yakshanba kunlari “Toshkent-Qarshi-Toshkent” yo`nalishida 780/779-sonli yuqori tezlikda harakatlanuvchi “Afrosiyob” elektropoezdlari qatnovi yo`lga qo`yiladi. Bu haqda “O‘ztemiryo‘lyo‘lovchi” AJ matbuot xizmati xabar qilmoqda.
Harakat jadvaliga ko`ra “Toshkent- Qarshi” yo`nalishida qatnovini amalga oshiradigan 780-sonli “Afrosiyob” zamonaviy elektropoezdi har haftaning juma, shanba va yakshanba kunlari soat 07:00 da Toshkent Markaziy vokzalidan;
“Qarshi-Toshkent” yo`nalishida harakatlanadigan 779-sonli “Afrosiyob” elektropoezdi esa Qarshi vokzalidan soat 15:25 da qatnovini amalga oshiradi.
Shu bois, 2022 yil 8 iyul sanasidan boshlab, bugungi kunda “Toshkent-Samarqand-Toshkent” yo`nalishida harakatlanayotgan 764/763-sonli hamda “Toshkent-Buxoro” yo`nalishida harakatlayotgan 770-sonli “Afrosiyob” elektropoezdlarining harakat jadvaliga ham o`zgartirish kiritiladi.
Unga ko`ra, “Toshkent-Samarqand” yo`nalishida harakatlanadigan 764-sonli “Afrosiyob” elektropoezdi har kuni soat 08:30 da Toshkent Markaziy vokzalidan,
“Samarqand-Toshkent” yo`nalishida harakatlanayotgan 763-sonli “Afrosiyob” elektropoezdi soat 16:15 da Samarqand vokzalidan,
“Toshkent-Buxoro” yo`nalishida harakatlanadigan 770-sonli “Afrosiyob” elektropoezdi esa soat 08:56 da Toshkent Markaziy vokzalidan qatnovini amalga oshiradi.
Yuqoridagi “Afrosiyob” elektropoezdlari harakati yo`lga qo`yilishi munosabati bilan, 2022 yil 10 iyul kunidan boshlab xaftaning xar yakshanba kuni “Toshkent-Samarqand-Toshkent” yo`nalishida harakatlanayotgan 768/767-sonli “Afrosiyob” elektropoezdi qatnovi to`xtatiladi.
Izoh: Qo`shimcha ma`lumotlarni Toshkent shahrida 1005 qisqa telefon raqami, joylardagi temir yo`l kassalari hamda ma`lumotlar byurosidan bilib olishingiz mumkin.