O`zbekistonda soliq ma`muriyatchiligi soddalashtirilmoqda. Davlat rahbari “Soliq ma`muriyatchiligini isloh qilish davrida biznes uchun qulay shart-sharoitlar yaratish chora-tadbirlari to`g`risida”gi farmonni imzoladi.
Unga ko`ra, 2022 yil 1 iyuldan foydalanilmayotgan ko`chmas mulk obektlariga ta`sirchan soliq mexanizmini qo`llash bekor qilinadi. Bo`sh turgan binolar, foydalanilmayotgan ishlab chiqarish maydonlari, yashash uchun mo`ljallanmagan inshootlar, shuningdek, tugallanmagan qurilish obektlari hamda ushbu obektlar bilan band bo`lgan er uchastkalariga nisbatan mol-mulk va er soliqlarining oshirilgan stavkalari qo`llanilmaydi, soliq imtiyozlari va preferensiyalarning amal qilishini to`xtatish bekor qilinadi.
Shuningdek, QQS ma`muriyatchiligi ham soddalashtiriladi:
- majburiy ravishda QQS to`lovchisi sifatida e`tirof etiladigan tadbirkorlik subektlariga QQS guvohnomasi soliq xavfi darajasiga aniqlik kiritilmasdan avtomatik ravishda beriladi;
- soliq organlari monitoringi davomida tadbirkorlik subektlari faoliyatida soliq xavfi holatlarining aniqlanishi QQS guvohnomasining amal qilishini to`xtatib qo`yishga asos bo`ladi;
- yuqori xavf darajasi aniqlangan tadbirkorlarning QQS guvohnomasini to`xtatib qo`yishdan 5 kun oldin xabardor etish tartibi joriy etiladi. Ushbu muddatda kamchiliklarni bartaraf etish imkoniyati beriladi. Belgilangan muddatda kamchiliklar bartaraf etilmasa, QQS guvohnomasi to`xtatib turiladi.
Amalga oshirilayotgan bitimlar (operasiyalar) xarid qilinayotgan va realizasiya qilinayotgan tovarlar (xizmatlar) nomenklaturasiga nomuvofiq bo`lishi yoki soliq to`lovchi davlat ro`yxatidan o`tkazilgan manzilda mavjud bo`lmaganlik holatlari bundan mustasno.
Shu jumladan, 2023 yil 1 martga qadar:
- hisobvaraq-fakturalarda yoki nazorat-kassa texnikasi cheklarida tovarlar (xizmatlar) identifikasiya kodlari (MXIK)ni noto`g`ri aks ettirganlik uchun moliyaviy jarima qo`llanilmaydi;
- xo`jalik yurituvchi subektlar asosiy vositalar, nomoddiy aktivlar va tovar-moddiy resurslarini hisobga olish hamda o`z ustav fondini shakllantirish va kamaytirish bilan bog`liq barcha operasiyalarni “E-aktiv” AAT aks ettirish ixtiyoriy hisoblanadi.






