AsosiyJamiyat

Endi hech kim osonlikcha birovning uyini “snos” qila olmaydi — Adliya vaziri

'Endi hech kim osonlikcha birovning uyini “snos” qila olmaydi — Adliya vaziri'ning rasmi

Adliya vaziri Ruslanbek Davletov "snos" masalasiga to`xtaldi:

"Bugun ushbu konstitusiyaviy kafolatning haqiqiy huquqiy asosini miridan sirigacha belgilab beradigan qonun Davlatimiz rahbari tomonidan imzolandi" deb yozadi vazir o`zining facebook'dagi sahifasida.

Shuningdek, "Yaqinda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev “snos” muammosiga e`tibor qaratar ekan, bunday holatga butunlay barham berish uchun uy-joy bo`yicha konstitusiyaviy kafolatni belgilab qo`yish lozim degan edilar.
Uzoq davom etgan bahs-munozaralardan so`ng demokratik jarayonlar chig`irig`idan muvaffaqiyatli o`tgan “Er uchastkalarini kompensasiya evaziga jamoat ehtiyojlari uchun olib qo`yish tartib-taomillari to`g`risida”gi qonun xalqimizni bir necha yildan buyon qiynab kelgan muammolarga barham berishiga ishonamiz" deya to`xtalgan Davletov.


Bunday deyish uchun asoslarimiz etarli:

  • Er uchastkalarini jamoat ehtiyojlari uchun olib qo`yilishiga asos bo`ladigan maqsadlarning tugal ro`yxati tasdiqlanmoqda. Endi qonunda belgilangan haqiqatdan ham jamoat ehtiyoji bo`lgan 6 ta maqsaddan boshqa har qanday holatlarda er uchastkalarini olib qo`yishni jamoat ehtiyojlari uchun deb baholash taqiqlandi.
  • Qonunning yana bir yutug`i shundaki, er uchastkasi jamoat ehtiyojlarini amalga oshirish uchun boshqa chora bo`lmaganda – eng so`nggi chora sifatidagina olib qo`yilishi mumkin. Eng muhimi tashabbuskor er uchaskasini olib qo`yish eng so`nggi chora ekanligini mahalliy kengash va jamoatchilik oldida isbotlab berishi kerak bo`ladi.
  • Endi “snos”ga tushgan bino uchun kompensasiya to`lashga zarur mablag` bo`lmasa, bunday tashabbus bilan chiqilmaydi, ya`ni “buzaveraylikchi kompensasiya bir gap bo`lar” qabilidagi gaplar ketmaydi.
  • Er uchastkasini olib qo`yish tashabbusini ma`qullashdan boshlab, uni olib qo`yish, olib qo`yilgan er uchastkasidagi ko`chmas mulklarni buzishga bo`lgan jarayonlarda ushbu masala mahalliy kengash deputatlari tomonidan naqd 3 marotaba ko`rib chiqiladi. Bunda Konstitusiyaga kiritilayotgan mahalliy kengash va hokimlik vakolatlari aniq ajratib qo`yilayotganini inobatga olsak, tashabbuskorlarning buzish jarayonlarini “tezlashtirib” yuborishi borasida havotirga o`rin qolmaydi.
  • Qonunning eng asosiy prinsiplaridan biri bu jarayonning ochiqligidir, shunga monand ravishda huquq egalari bilan ochiq muhokama o`tkazishdan boshlab, qolgan har qanday bosqichda jarayonlar 100 foiz ochiq, ya`ni huquq egalari OAV, jamoatchilik ishtirokida o`tkazilishi belgilandi.
  • Huquq egasi bilan kelishuvga erishilmagan taqdirda, huquq egasini kelishuvni imzolashga jismonan majbur qilish maqsadida turar yoki noturar joyni suv, kanalizasiya, elektr, aloqa (internet ham), issiqlik va gaz tarmoqlaridan uzib qo`yishga, kirib chiqish yo`lini to`sib qo`yishga yo`l qo`yilmaydi.
     

Endi quyidagi huquqlar kompensasiya qilib berilishi aniq qilib belgilab qo`yilyapti:

  • ko`chmas mulk ob`ektlarining bozor qiymati;
  • olib qo`yilgan er uchastkasiga bo`lgan huquqning bozor qiymati (qishloq xo`jaligi erlaridan tashqari);
  • ko`p yillik dov-daraxtlarning bozor qiymati;
  • ko`chish va boshqa uyni vaqtinchalik ijaraga olish bilan bog`liq xarajatlar;
  • er uchastkasidan va unda joylashgan ko`chmas mulk ob`ektlaridan foydalanishdan olinishi mumkin bo`lgan boy berilgan foyda;
  • huquq egasining boshqa xarajatlari va zararlari.


Vazirning ma`lum qilishicha, xatto ko`pchilik davlatlarda mavjud bo`lmagan yangi turdagi to`lov kompensasiya kiritilmoqda huquq egasiga keltirilgan noqulayliklar uchun ko`chmas mulk bozor qiymatining 5 foizi miqdorida bir martalik to`lov amalga oshiriladi.
"Yana bir muhim kafolat shundan iboratki huquq egasiga qonuniy tegishli bo`lgan erda o`zboshimchalik bilan qurilgan turar va noturar joylar uchun ham kompensasiya to`liq beriladi.
Bundan tashqari buzishga tushganda kompensasiya beriladigan uy-joylar ko`lami kengaytirildi – endi agar aholi punkti ichida joylashgan, lekin “kadastri bo`lmagan” uylar buzilsa ham, agar ushbu er bo`yicha 15 yildan ortiq soliqlar to`lab kelingan bo`lsa kompensasiya to`lanadi. Ta`bir joiz bo`lsa, ushbu qonun 3 mlnga yaqin hujjatsiz uylarni buzilishdan “sug`urtalaydi”  deb yozadi Davletov. 
Zamonni biror bir jarayonni raqamlashtirishsiz tasavvur qilib bo`lmaydi, shunga yarasha endilikda “snos” bilan bog`liq barcha huquqiy jarayonlar elektron tizimlar orqali amalga oshiriladi, shu jumladan, qabul qilingan qarorlar, tuzilgan shartnomalar va berilgan kompensasilarning hisobi elektron yuritiladi.

"Fuqarolarimizni qonun kuchga kirgach amaliyotda undan o`z huquq va manfaatlarini himoya qilishda faol foydalanishga chaqirib qolamiz" deya fikrini yakunlagan Adliya vaziri.

    Boshqa yangiliklar