Bozorga har kim o`z rejasi, o`z yumushi bilan boradi. Kimdir savdo-sotiq qilsa, kimdir uning xaridori. O`rtadagi beminnat yordamchilar ham borki, ularning mehnati haqida eslamaslikning iloji yo`q.
Ya`ni, yuk tashuvchilar, kurerlar xizmati sotuvchi uchun ham, oluvchi uchun ham, nihoyatda zarur. Ammo... ular mushtumzo`r bo`lib chiqsa-chi?! Dodingizni kimga aytasiz?
Toshkent shahar sudi matbuot kotibi Sadoqat Allaberganovaning xabar berishicha, o`sha kuni Abror (ismlar o`zgartirilgan) poytaxtimizning Olmazor tumanida joylashgan qurilish mollari bozoriga ishlagani chiqqanida kimdir uni do`pposlab urishi, ish sudgacha borishini xayoliga keltiribdimi, deysiz.
Sudlanuvchi Hakim sud majlisida aybiga to`liq iqror bo`lib, 2014 yildan beri qurilish bozorida kurer bo`lib ishlab kelishini, ya`ni bozordagi do`konlarga firmalardan kerakli qurilish mollarini olib etkazib berish bilan shug`ullanishini, shu sababli deyarli kunora bozorga borib turishini aytdi. Sudlanuvchi bozorda uning akasi ham yuk mashinasida yuk tashish faoliyati bilan shug`ullanishini aytdi.
Gap shundaki, voqea sodir bo`lgan kuni Hakim bozorda jiyanining do`koni yonida turgan bo`ladi. Bir doimiy mijoz kelib jiyanining do`konidan 2 dona panel mahsulotini oladi. Odatda jiyanining do`koni bo`lganligi uchun u mijozlariga yukini etkazib berishni akasiga topshirar edi.
Sud majlisida Hakim o`sha mijoz do`konning doimiy mijozlardan biri bo`lib, akasi ko`pincha yuklarini olib borib berganligini, shuning uchun shu safar ham uning yuklarini akasi olib borishini o`ylab turganida o`rtaga boshqa odam kelib qo`shilganini, oqibatda janjal chiqqanini aytdi.
Jabrlanuvchi mijozning oldiga kelib, uning yuklarini olib borib berishini aytib, xizmat haqini kelisha boshlaydi. Mijoz unga 50 ming so`m berishini aytadi. Yuk tashuvchi esa 80 ming so`m so`raydi. Lekin jabrlanuvchi mijoz aytgan narxga boshqa yuk tashuvchini gaplashib berishini aytib, yana bir sherigi bo`lgan yuk tashuvchini chaqiradi. Shunda voqeani kuzatib turgan Salimning bundan jahli chiqadi. Keyin Abror akaning yoniga borib nega uning ishlariga arlashayotganini so`raydi. Shunda ularning o`rtalarida kelishmovchilik yuzaga keladi. Daxanaki jang janjalga aylanib ketadi. Janjalga Salim ham aralashadi.
Jinoyat ishlari bo`yicha Olmazor tuman sudining sayyor majlisida jabrlanuvchi va aybdorlar va ularning qonuniy vakillari, guvohlar ishtirokida jinoyat ishini ko`rib chiqdi.
Jinoyat ishi jamiyatda yurish-turish qoidalarini qasddan mensimasdan buzish, bezorilik deya tavsiflandi. Sudda aybdorlarning ko`rsatmasiga ko`ra, ular o`sha kuni Abrorni urib-tepib, do`pposlab, jabrlanuvchining sog`lig`i qisqa muddatli buzilishiga olib kelgan shikast etkazishgani ma`lum bo`ldi.
Bozorda norasmiy yuk tashuvchi bo`lib ishlovchi aybdorlar sud majlisida qilmishlaridan chin ko`ngildan pushaymonligini bildirishdi. Jabrlanuvchi esa shifoxonada 10 kun davolanganligini, o`sha kuni urib-tepishlar natijasida jigari ham lat eganini aytdi. Janjal chiqishini istamaganini, buni ularga tushuntirganini aytdi. Mushtumzo`r aka-ukalar esa janjaldan keyin ham tinchimay, uning orqasidan kelib yana gap talashganini, orqasidan yugurib kelib uni tepib, erga ag`darganligini, yiqilganidan foydalanib aka-uka uni yotgan joyida urib-tepib tashlashganligini esladi. Mushtumzo`rlar jabrlanuvchini asosan bosh tomoniga urishganini aytdi. Jigariga ham tepishgani, u erda dumalab yotgani uchun ularga qarshilik qila olmaganligini, o`sha vaqtda atrofda deyarli hech kim yo`q bo`lganligini aytdi.
Uzoqroqdan odamlar ularni ajratishga kelgunicha aka-ukalar jabrlanuvchini tepkilab ketishadi. Atrofdagilar ularni ajratib, jabrlanuvchini shifoxonaga jo`natadi.
Sud majlisida jabrlanuvchi sudlanuvchilar davolanishi mobaynida bir necha marotaba kasalxonaga kelib, undan xabar olib turganligini, agar xohlasa xususiy klinikada davolatishini aytganligi, bu vaqtda ahvoli og`irligi uchun bunga rozi bo`lmaganligini aytdi. Biroq u tan jarohati olganligi sababli ishga ham chiqa olmaganligini, kunlik topadigan daromadlari ham to`xtab qolganligini, davolanish xarajatlarini ukasi qoplaganligini, shifokor unga yana 2 oy ishga chiqmasdan davolanishini aytganligini bildirdi.
Sudlanuvchilar esa, unga hech qanday moddiy yordam bermaganligini, faqatgina sud jarayonida unga etkazilgan zarar sudlanuvchilar tomonidan to`liq qoplanganligini, shu sababli uning sudlanuvchilarga nisbatan da`vosi yo`qligini bildirib, suddan sudlanuvchilarga nisbatan engillik berilishini so`radi.
Sud-tibbiy ekspertizasining xulosasiga ko`ra, jabrlanuvchi bosh miya yopiq jarohati, bosh miya chayqalishi, burun suyaklarining yopiq sinib, suyak bo`laklarining qoniqarli turishi, bosh chakka sohasi, burun egar sohasi, o`ng elka bo`g`imi sohasi, o`ng qo`l kaft sohasi, ko`krak qafasi o`ng tomoni va o`ng tizza bo`g`imi sohasi yumshoq to`qimalari lat eyishi oqibatida uning sog`lig`i qisqa muddatga buzilishiga olib kelgan engil darajadagi tan jarohati olganligi aniqlandi.
Sud guvohlarning, jabrlanuvchining va sudlanuvchilarning ko`rsatmalarini tinglab, sud-ekspertiza xulosasi boshqa dalillarni inobatga olib, odilona hukm chiqardi. Sudlanuvchilar Jinoyat kodeksining 277-moddasi 2-qismi “b” bandida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topildilar.
Mirziyod ABIDOV, Jinoyat ishlari bo`yicha Olmazor tuman sudi sudyasi:
-- Ularning har ikkisiga ham 2 yil ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi. Ozodlikni cheklash jazosini yashash joyida soat 22:00 dan 6:00 ga qadar o`tash belgilandi.
Hukm qonuniy kuchga kirgandan so`ng yashash joyini hukmning ijrosini nazorat qiluvchi organ ruxsatisiz o`zgartirmaslik, muayyan joylar — choyxona, kafe, bar, restoranlarga bormaslik, O`zbekiston Respublikasi hududidan tashqariga chiqmaslik, alkogolli ichimliklar iste`mol qilmaslik taqiqlari qo`yildi.






