1 iyul kuni Innovasion rivojlanish vazirligida O`zbekiston Respublikasi Konstitusiyasiga kiritilayotgan o`zgartirish va qo`shimchalarning asoslari va mazmun-mohiyatiga bag`ishlangan tadbir o`tkazildi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar berdi.
Unda O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a`zolari, deputatlar, Innovasion rivojlanish vazirligi va tizim tashkilotlari rahbariyati hamda xodimlari ishtirok etdilar. Tadbirga Innovasion rivojlanish vaziri Ibrohim Abdurahmonov moderatorlik qildi.
Tadbirda Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Innovasion rivojlanish, axborot siyosati va axborot texnologiyalari masalalari qo`mitasi raisi Ilhom Abdullaev so`zga chiqib, hozirda Konstitusiyaviy komissiya tomonidan aholi fikr va takliflarini qabul qilish ishlari tizimli yo`lga qo`yilgani natijasida yurtimizda olib borilayotgan Konstitusiyaviy islohotlarda nafaqat olimlar, huquqshunoslar, mutaxassislar, balki fuqarolarning o`zi ham bevosita ishtirok etayotganiga alohida urg`u berdi.
O`z navbatida, Innovasion rivojlanish vazirligi xodimlari ham Konstitusiya islohotiga o`z fikrlarini bildirdilar. Bildirilgan fikrlar davlat xizmatchilarining ham mamlakatda bo`layotgan keng ko`lamli o`zgarishlarni qo`llab-quvvatlashlarini namoyon etdi.
Ta`kidlash joizki, xalqimiz tomonidan berilgan takliflar, shuningdek Davlatimiz Rahbarining Komissiya a`zolari bilan uchrashuvda «insonning qadr-qimmati, sha`ni va g`ururi bundan buyon barcha sohalarda birinchi o`rinda turishi kerak» degan tamoyil asosida berilgan takliflardan kelib chiqib «O`zbekiston Respublikasi Konstitusiyasiga o`zgartish va qo`shimchalar kiritish to`g`risida»gi O`zbekiston Respublikasining Konstitusiyaviy qonuni loyihasi tayyorlandi.
Konstitusiyaviy qonun loyihasi Konstitusiyamizning 60 dan ortiq moddalariga 200dan ortiq tuzatishlarni nazarda tutmoqda. Konstitusiyaga o`zgartishlar «inson-jamiyat-davlat» prinsipiga asoslangan bo`lib, milliy konstitusiyaviy o`zlikni aks ettiradi va amaldagi Konstitusiyamizning barcha bo`limlariga tub o`zgartishlar kiritishni nazarda tutadi.
Konstitusiyaviy tuzatishlar, avvalambor, jamiyatning turli ijtimoiy qatlamlariga mansub bo`lgan fuqarolarning shaxsiy, ijtimoiy, iqtisodiy, siyosiy, madaniy va ekologik huquqlari hamda manfaatlarini ta`minlashga, himoya qilishga qaratilgan to`g`ridan-to`g`ri ishlaydigan normalarga aylanadi.
O`zbekiston huquqiy, ijtimoiy, dunyoviy demokratik davlat ekanligi belgilab qo`yilmoqda. «Inson hamda fuqaroning huquq va erkinliklarini ta`minlash davlatning oliy maqsadi» ekanligi belgilanmoqda. Kiritilayotgan o`zgartish va qo`shimchalar avvalo «inson qadri uchun»degan tamoyilni ro`yobga chiqarishga qaratilgan.
Bugungi kunda mamlakatimizda Konstitusiyaviy islohotlar jarayoni qizg`in pallaga kirdi. umumxalq muhokamasi natijasi umumlashtirilib, qonun loyihasi yanada takomillashtiriladi. Uning natijalariga ko`ra, «O`zbekiston Respublikasining Konstitusiyasiga o`zgartish va qo`shimchalar kiritish to`g`risida»gi O`zbekiston Respublikasining Konstitusiyaviy qonuni loyihasi O`zbekiston Respublikasi referendumiga qo`yiladi.
Bugungi kunda minglab fuqarolarimiz, nuroniy va yoshlarimiz, turli millat vakillari, o`qituvchilar, tibbiyot xodimlari, tadbirkorlar, fuqarolik jamiyati institutlari vakillari, umuman jonajon O`zbekistonimiz taqdiriga befarq bo`lmagan yurtdoshlarimiz o`z takliflarini yuborishda davom etmoqdalar.
Chunki, har bir inson ushbu hujjatni meniki, mening Konstitusiyam deyishi, unda o`zini, oilasini, mahallasini, jamiyat va davlatni yillar davomida bezovta qilib kelgan muammolarini echimini unda ko`rishi muhim. Yurt kelajagi va Vatanimiz taqdiri Siz va Bizning mazkur jarayondagi faol ishtirokimizga bog`liq bo`lib, kelgusi taraqqiyotimiz uchun muhim ahamiyat kasb etadi.
Tadbir yutub kanali orqali jonli efirda namoyish etildi.