O`zbekiston Respublikasi madaniyat vaziri, O`zbekiston va Qoraqalpog`iston xalq artisti Ozodbek Nazarbekov so`nggi kunlarda Nukusda yuz bergan holat bo`yicha o`z munosabatini bildirdi.
"Mamlakatimizda olib borilayotgan islohot va yangilanishlar Vatanimizning har bir hududida, eng olis manzillarida ham o`z ifodasini topmoqda, desam mubolag`a bo`lmaydi.
Men Qoraqalpog`iston Respublikasining bundan 10-15 yil oldingi qiyofasini ko`rgan, yaxshi eslaydigan inson sifatida aytishim mumkinki, so`nggi 5-6 yilda bu zaminda amalga oshirilgan ishlar, ro`y bergan ijobiy o`zgarishlar tarixda bo`lgan emas.
Muhtaram Prezidentimiz keltirgan bitta raqam bilan fikrimni asoslantirsam. Qarang, oxirgi besh yilda hududning mahalliy byudjetiga qariyb 11 trillion so`m mablag` yo`naltirilibdi. Qachon shuncha mablag` berilgan? Hech qachon! Bu erda o`nlab yangi korxonalar ishga tushirildi. Bolalar bog`chalari, maktablar, oliygohlar, sog`liqni saqlash, ilm-fan, madaniyat va sport maskanlari foydalanishga topshirildi. Ya`ni “inson qadri uchun” degan ezgu g`oya asosidagi islohotlar Qoraqalpog`istonda yaqqolroq bo`y ko`rsatyapti.
Qoraqalpog`iston Respublikasida madaniyat va san`at sohasini yanada rivojlantirish bo`yicha ham juda katta, keng ko`lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Ma`lumki, qoraqalpoq san`ati va madaniyati azaldan o`zbek san`ati va madaniyati bilan uyg`unlashib kelgan. Iste`dodlarga boy bo`lgan qoraqalpoq xalqi ko`plab festival va xalqaro tanlovlarda faol ishtirok etib, yuqori o`rinlarni egallab kelmoqda. Shundan ma`lumki, qardosh qaraqolpoq san`atining o`ziga hos jozibadorligi bor.
So`nggi yillarda Mo`ynoq tumani butkul yangicha qiyofa kasb etib, tumanda madaniyat markazi, bolalar musiqa va san`at maktabi yangidan qurilib, foydalanishga topshirildi. O`zbekiston davlat san`at va madaniyat instituti hamda Konservatoriyaning Nukus filiali faoliyati yo`lga qo`yildi. Qoraqalpog`iston opera va balet teatri tashkil etilmoqda.
Qoraqalpoq xalqining boy va betakror xalq og`zaki ijodiyotiga alohida e`tibor qaratib, 2021 yilda ikkinchi Xalqaro baxshichilik festivali Qoraqalpog`istonda o`tkazildi.
Shunday bir paytda Qoraqalpog`iston Respublikasida bugun sodir etilgan noxush voqealar barcha xalqimiz singari mening ham yuragimni chuqur larzaga keltirdi. Chetda turgan ayrim g`arazli kuchlar qoraqalpoq elini noto`g`ri yo`llarga boshlashga urinmoqda.
Lekin o`zbek va qoraqalpoq xalqlari tashqi kuchlarning nayrangiga uchmasdan, yanada jipslashib, inoq bo`lib, bir musht bo`lib oldinga intilishiga ishonaman. Chunki bizning qonimiz, jonimiz bir. Biz bir bo`lsak, o`rtamizga hech kim nizo sololmaydi.
Ishonchim komil, hali hammasi oldinda. Belgilangan marralar, rejalar to`laqonli amalga oshirilgandan so`ng Qoraqalpog`iston Respublikasi yurtimizning eng chiroyli, obod, hamma havas qilib, talpinadigan hududiga aylanadi. Shu kunlar albatta keladi! Buning uchun eng avvalo, tinchligimiz va ahilligimizni ko`z qorachig`imizdek asrab-avaylashimiz kerak", - deyiladi Ozodbek Nazarbekov mulohazalarida.